O‘zbekiston

2024 yilda IT xizmatlari hajmini 2 barobar oshirish kerak — prezident

2024 yilda IT xizmatlari hajmini 2 barobar oshirish kerak — prezident

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bu yil IT sohasi eksporti Toshkent viloyatida – 100 mingdan 4,4 million dollarga, Samarqandda – 700 mingdan 3,2 millionga, Andijonda – 60 ming dollardan 2,8 million dollarga oshib, yuqori sur’atlarda o‘sgan. Surxondaryo ham ilk bor IT xizmatlari eksportini yo‘lga qo‘yib, 1 million dollardan oshirgan.

Lekin, eksport Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Namangan va Sirdaryoda 500 ming dollarga ham yetmaydi.

Hududlarda 20 mingdan ortiq yoshlar IT bilan mustaqil shug‘ullanib, xalqaro onlayn platformalar orqali yaratgan mahsulotini chetga sotayapti.

Masalan, farg‘onalik yosh dasturchi Brayl alifbosini tarjima qiladigan dastur yaratib, AQSH, Meksika va Braziliyaga 150 ming dollarga sotgan.

Davlat rahbari 2024 yildan boshlab hududlarda IT xizmatlarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratilishini e’lon qildi. Bunda:

– IT kompaniyalari hududlardagi bo‘sh turgan binolarga bir yil muddatga bepul joylashtiriladi;

– iqtidorli dasturchilarga bir yil ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan kompyuter va texnikalar beriladi;

– 50 dan ortiq IT mutaxassisini ishli qilgan kompaniyalarning bir yil davomidagi ish haqi xarajatini 15 foizgacha qismi qoplab beriladi;

– eksportchi korxonalarga chetdan ekspert jalb qilish, xalqaro konferensiyalarda qatnashish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.

Bu maqsadlarga kelgusi yilda 65 milliard so‘m ajratiladi.

Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi IT parkni xalqaro miqyosga olib chiqish uchun kelgusi yilda Germaniya va Saudiya Arabistonida uning sho‘ba korxonalarini ochadi.

Umuman, yangi imkoniyatlar hisobiga 2024 yilda IT xizmatlari hajmini 2 barobar oshirib, eksportini 800 million dollarga yetkazish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari bu marralarga erishish uchun chet tili va ITni biladigan kadrlar zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi oldiga kelgusi yilda 8 ming nafar eng iqtidorli yoshlarni saralab, nufuzli xalqaro kompaniyalar talabiga mos dastur asosida o‘qitish, ularni IT kompaniyalaridagi yuqori daromadli ishlarga joylashtirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, kelgusi yildan “Har bir mahallada kamida ikki nafar dasturchi” loyihasi boshlanadi. 30 ming yoshlarni ingliz tiliga o‘qitib, IELTSdan kamida 7 ball, nemis va boshqa tillardan B2 sertifikati olishi uchun sharoit yaratiladi.

Davlatimiz rahbari Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi IT shaharcha loyihasini ma’qullab, shu tajriba asosida 2024 yil yakuniga qadar har bir tumanda shunday shaharcha yaratish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, AQSHlik hamkorlar bilan “Inklyuziv raqamlashtirish” loyihasi doirasida kamida 20 ming nafar yoshlar, ayollar va nogironligi bo‘lgan aholi bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.

Prezident 2026 yilda Xalqaro informatika olimpiadasi ilk bor mamlakatimizda o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga “maktab – tuman – viloyat – respublika” bosqichida tanlovlar o‘tkazib, 5-8 sinf o‘quvchilari orasidan eng salohiyatli 100 nafarini tanlab olish topshirildi.

IT yaxshi rivojlangan davlatlardan malakali ekspertlar jalb qilingan holda o‘quvchilar bo‘lajak xalqaro olimpiadaga chuqur tayyorlanadi.