O‘zbekiston

Toshkent uy sotib olish imkoniyati borasida deyarli Londonga yetib olgan

Toshkent uy sotib olish imkoniyati borasida deyarli Londonga yetib olgan

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan “O‘zbekiston ko‘chmas mulk va ipoteka bozori” hisoboti tayyorlandi. Hisobot Biznesni rivojlantirish banki homiyligida tayyorlanib, respublika bo‘yicha uy-joy narxlari, ko‘chmas mulk bozorining joriy holati, kelajagi hamda fundamental va iqtisodiy omillarga asoslangan pufak xavfi to‘g‘risidagi tahlillar bilan birgalikda 5455 kishi va 141 ta qurilish kompaniyasi ishtirokida o‘tkazilgan so‘rov natijalarini ham o‘z ichiga oladi.

Asosiy xulosalar:

Toshkent shahrida uy-joy narxlari uchun hisoblangan “pufak indeksi” narxlar pufak xavfi chegarasiga yaqinlashib borayotganini ko‘rsatmoqda. Poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan 2 xonali xonadon sotib olish uchun talab etiladigan muddat (o‘rtacha ish haqiga nisbatan) 10 yilgacha yetgan. Bu borada Toshkent shahri Tokio, Parij va London shaharlariga deyarli yetib olgan (UBS, 2023).

Toshkent shahrida uy-joy narxlari o‘zgarishi va uning ijarasidan keladigan umumiy yillik daromad jismoniy shaxslarning chet el valyutasidagi uzoq muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasidan (2023 yil sentyabrda 5,3 foiz) ancha yuqori hisoblanadi.

O‘tgan yillarda aholi sonining 1 foizga ko‘payishi uy-joyga bo‘lgan talabning 0,8 foiz oshishiga olib kelgan.

2021-2023 yillarda Toshkent shahri va viloyatida o‘rtacha hisobda uy-joy sotib oluvchi har beshinchi kishi ipoteka kreditiga murojaat qilgan. Bu esa ushbu hududlarda aholi uy-joy sotib olishda asosan o‘z mablag‘laridan foydalanayotganligidan dalolat beradi.

Hududlarda 1 kvadrat metr uchun kadastr hujjatlari chiqqandan keyingi narx kadastr olishdan oldingi narxdan o‘rtacha 19-20 foizga qimmatlashadi. Poytaxtda esa ushbu ko‘rsatkich 35-39 foizgacha yetadi.

Uy-joy narxlarining 500 million so‘mdan oshishi aholining 80 foizdan ortig‘ining uy sotib olish imkoniyatini pasaytirib yuboradi.

Aholining aksariyat qismi ipoteka krediti yoki uy-joy narxini bo‘lib to‘lash uchun oyiga 4 million so‘mgacha to‘lash qobiliyatiga ega.