O‘zbekiston

Adliya vazirligi xodimi nega qamaldi?

Adliya vazirligi xodimi nega qamaldi?

Siz suratda ko‘rayotgan bu yigit O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi sobiq xodimi Husan Ravshanovdir. Yonidagi suratda Adliya vazirligini tanqid qilib kelgan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida “Sanjar Karimov” sahifasining skrinshoti.

Ravshanov tergov organiga ko‘ra, ana shu profilning egasi. Tergov organi xulosasiga ko‘ra, profil ortiga yashiringan Ravshanov Adliya vazirligi mutasaddilarini pora olganlikda ayblab, tuhmat qilgan va mulozimlarni obro‘sizlantirgan.

Kecha, 19 dekabrda JIB Toshkent shahar sudining appelyatsiya sudlov hay’ati ana shu ishni ko‘rib chiqdi. O‘zbekiston Respublikasi JKning 139-moddasi (Tuhmat) bilan ayblangan Ravshanovni jinoyatchi deb topdi va unga nisbatan quyi instansiya sudining 1 yil 9 oyga ozodlikni cheklash jazosini kuchda qoldirdi.

Sudlov tizimiga sharmandalik bilan kiradigan ishlarning biri bo‘lgan jarayonda himoyachi sifatida qatnashdim. Nega sharmandalik? Nega tizimning orbo‘sini yerga uradigan gaplarni iddao qilmoqdaman? Ravshanovning taqdiri mening ham boshimga tushmaydimi?

Eshiting!

Birinchidan, sud lingivistik ekspertiza, leksikologik ekspertiza, va hokazo, ekspertizalarning birortasi “Sanjar Karimov” profilidagi yozuvlarning aynan Ravshanovniki ekaniga oid qat’iy xulosa bermagan.

Ikkinchidan, “Sanjar Karimov” profili haqiqtan ham Husan Ravshanovga tegishlimi? Unda nega profil Ravshanov qamoqda o‘tirgan paytda ham ishlab turdi? Hozir ham ishlab turibdi. (Do‘stligingizda bo‘lsa tekshirib ko‘ring). Agar bir paytning o‘zida profilning Ravshanovdan boshqa ham foydalanuvchisi bo‘lsa, tergov nega buni aniqlamadi?

Uchinchidan, IIVning tergov izolatori karvonsaroymi? Unga jinoyat ishining protsessual ishtirokchisi bo‘lmagan Adliya vazirligining Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i J. Uzoqov, Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Sh. Qo‘chqorov nega kirib yuribdi? Ayblanayotgan shaxsdan tushuntirish va arizalar olmoqda? Mamlakatda qonunchilikka mas’ul bo‘lgan Adliya vazirligi bu holni qanday izohlaydi?

Tushundimki, sud tergov organining ayblovini shunchaki qonunlashtirib beruvchi organ ekan. Odil sudlov haqidagi xomxayollarga, cho‘pchaklarga endi ishonmayman. Chunki yuqoridagi savollarning barchasini sudda guvoh sifatida so‘ralgan Adliya xodimlari, ekspertlar, guvohlarga berdik. Jarayonda ishning soxta ekanini sud hay’atining ongi-shuuriga yetib boradigan darajada isbotladik.

Biroq sud hukmni kuchda qoldirdi, tergov organi, adliya xodimlarining xatti-harakatlariga huquqiy baho bermadi. Yuqori instansiya sudidan ham umid qilayotganimiz yo‘q, albatta yuqori bundan yaxshi bo‘lganida quyi tizim bunday bo‘lmasdi.

Umidsizlik bilan bu yozuvlarimni tugatayotganimda Oliy sudning telegramm kanalidan “Haqiqatni aniqlash odil sudlovni ta’minlashning muhim shartidir” degan maqola kelib qoldi. Sarlavhaga qarang, qanchalar ajoyib. Shu maqolalarni sudyalar ham o‘qirmikan?!

Abduraxmon Tashanov