HAMAS Isroilning bir haftalik otashkesim va 40 mahbusni ozod qilish taklifini rad etdi, deb xabar bermoqda Wall Street Journal.
Nashrning yozishicha, harbiylar qo‘mondonligi jangovar harakatlarni to‘xtatish haqidagi kelishuv kuchga kirgunga qadar isroillik asirlarni qaytarish masalasini muhokama qilishdan qat’iyan rad etadi.
Guruhning siyosiy qanoti rahbari Ismoil Xoniya Misr razvedkasi bilan uchrashuvda HAMAS qarorini ma’lum qildi. U Qohiraga o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azo sektoriga yetkaziladigan gumanitar yordam miqdorini oshirish bo‘yicha kelishib olish uchun kelganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 19 dekabr kuni Isroil prezidenti Itsxak Gersog 80 mamlakat elchilari va diplomatlari oldida so‘zlagan nutqida o‘z mamlakati HAMAS harakati bilan yangi o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azo sektoriga qo‘shimcha gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha muzokaralarga ochiq ekanini ma’lum qilgan edi.
Isroil-Falastin ziddiyatlari
Joriy yil 7 oktyabrda Falastinning HAMAS tashkiloti Isroilga qarshi operatsiya boshladi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga bostirib kirdi. HAMAS bu operatsiyani bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga qilingan hujumga va Isroilning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonliklarini kuchaytirganiga javob ekanligini aytdi.
O‘z navbatida, Isroil HAMASga qarshi mas’uliyatli operatsiya boshladi, natijada G‘azo sektorida aholi ommaviy qirg‘in qilindi. 27 oktyabr kuni Isroil quruqlikdagi qo‘shinlari bilan G‘azoga hujum qilish uchun harakat qildi.
Bugungi kunda G‘azoning 2,3 million aholisi eksklavning to‘liq qamal qilingani sababli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar yetishmasligidan aziyat chekmoqda. Minglab binolar, jumladan, kasalxonalar, masjidlar va cherkovlar shikastlangan yoki butunlay vayron bo‘lgan.
24 noyabr kuni ertalab kuchga kirgan HAMAS va Isroil o‘rtasidagi “Insonparvarlik sulh”i 1 dekabr tongida yakuniga yetdi. Shu kunlarda har ikki tomon o‘nlab asirlarni almashishdi.
Muvaqqat sulhning tugashi bilan Isroil G‘azoga qarshi hujumlarini davom ettirdi.
Dekabr oyining birinchi o‘n kunligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning G‘azoga hujumi oqibatida 17,7 ming kishi halok bo‘lgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!