Jahon

G‘azo sektorida halok bo‘lganlar soni 20258 nafarga yetdi

G‘azo sektorida halok bo‘lganlar soni 20258 nafarga yetdi

7-oktyabrdan beri Isroilning G‘azo sektoriga bergan zarbalari natijasida 20 258 kishi halok bo‘ldi, 53 688 kishi jarohatlandi. Bu haqda Anadolu agentligi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib ma’lum qildi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida Falastin anklavida 201 kishi halok bo‘lgan, 368 kishi jarohatlangan.

7-oktyabrdan beri G‘azo sektorida halok bo‘lgan OAV vakillari soni 100 kishiga yetdi.

Isroil-Falastin ziddiyatlari

Joriy yilning 7-oktyabr kuni Falastinning HAMAS tashkiloti Isroilga qarshi operatsiya boshladi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga bostirib kirdi. HAMAS bu operatsiyani bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga qilingan hujumga va Isroilning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonliklarini kuchaytirganiga javob ekanligini aytdi.

O‘z navbatida, Isroil HAMASga qarshi mas’uliyatli operatsiya boshladi, natijada G‘azo sektorida aholi ommaviy qirg‘in qilindi. 27-oktyabr kuni Isroil quruqlikdagi qo‘shinlari bilan G‘azoga hujum qilish uchun harakat qildi.

Bugungi kunda G‘azoning 2,3 million aholisi eksklavning to‘liq qamal qilingani sababli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar yetishmasligidan aziyat chekmoqda. Minglab binolar, jumladan, kasalxonalar, masjidlar va cherkovlar shikastlangan yoki butunlay vayron bo‘lgan.

Isroilda o‘lganlar soni 1200 ga yaqin.

24-noyabr kuni ertalab kuchga kirgan HAMAS va Isroil o‘rtasidagi “Insonparvarlik pauza”si 1-dekabr tongida yakuniga yetdi. Shu kunlarda har ikki tomon o‘nlab asirlarni almashishdi.

Muvaqqat sulhning tugashi bilan Isroil G‘azoga qarshi hujumlarini davom ettirdi.

Dekabr oyining birinchi o‘n kunligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning G‘azoga hujumi oqibatida 17,7 ming kishi halok bo‘lgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Falastin tomoni G‘azo sektorida hamon 130 kishini asirda ushlab turibdi.