Jahon

Moldova prezidenti ikkinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘yish qarorini e’lon qildi

Moldova prezidenti ikkinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘yish qarorini e’lon qildi

Moldovaning yevropaparast prezidenti Mayya Sandu 2024-yil oxirida ikkinchi prezidentlik muddatiga o‘z nomzodini qo‘yish niyatida ekanini ma’lum qildi va parlamentni mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istagi bo‘yicha referendumga tayyorgarlikni boshlashga chaqirdi.

«Bizda hali muhim qadamlar bor va agar yangi muddatni menga ishonib topshirsangiz, ishlashni davom ettirishga va’da beraman», dedi Sandu respublika rahbarining rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda.

Shuningdek, Sandu Harakat va birdamlik partiyasidagi (PAS) ittifoqchilari tomonidan nazorat qilinadigan parlamentdan Moldovaning Yevropaga yo‘nalishi bo‘yicha referendum o‘tkazish ishini boshlashni so‘radi.

«Bizning kelajagimiz Yevropa oilasida va butun mamlakat sifatida Moldova uchun qaysi yo‘lni tanlashimizni aniq aytishimiz kerak. Men parlamentni kelasi yil kuzida fuqarolarning ovozi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan referendum o‘tkazishga chaqiraman», – dedi Moldova prezidenti.

Aytib o’tish lozimki, 2020-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Sandu bir necha bor Ukraina urushini qoralagan va Moskvani o’zini hokimiyatdan chetlatish uchun davlat to‘ntarishiga urinishda ayblagan. O‘z navbatida, Kishinyovdagi Rossiya elchixonasi Moldova hukumati «rusofobiyani qo‘zg‘atayotganini» da’vo qildi.

Saylovlar kelasi yil oxirida bo‘lib o‘tadi 

Moldovada prezidentlik saylovlari 2024-yilning noyabr-dekabr oylarida bo‘lib o‘tishi kerak, ularning aniq sanasini parlament belgilaydi. Joriy so‘rovlar PAS 30-45 foiz ovoz olishini ko‘rsatmoqda, Dodon sotsialistlari uchun bu ko‘rsatkich – 28-38 foiz, shu yil boshida firibgarlikda ayblanib 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan qochoq biznes-magnat Ilan Shorning «Imkon’ partiyasi uchun esa – 8-15 foiz.

Dekabr oyi boshida bo‘lib o‘tgan YeI sammitida Moldova va Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirishi bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qilingan edi.

O‘tgan hafta Moldova parlamentidagi tashqi siyosat va Yevropa integratsiyasi bo‘yicha komissiya raisi Doyna German Moldova 2024-yil oxirigacha Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)dan chiqish jarayonini yakunlashini, ushbu tashkilot doirasida tuzilgan qolgan barcha kelishuvlarni izchillik bilan denonsatsiya qilishini aytdi.