Bugungi kunda, dorixonalarda sotilayotgan ayrim dori vositalarining narxlari qimmatligi masalasi ko‘plab fuqarolar, jumladan, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekiston “Adolat” SDP Matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu masala joriy yilning sentyabr — noyabr oylarida partiya tomonidan joylarda jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganildi. O‘rganishlar davomida aksariyat dorixonalarda sotilayotgan tarkibi va xususiyati jihatdan bir xil bo‘lgan xorijiy va mahalliy dori vositalarining narxlari o‘rtasida katta tafovut borligi hamda o‘zimizning ayrim mahalliy mahsulotlar chet davlatlarnikidan ancha qimmatligi aniqlandi.
Natijada partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari hamda partiya ekspertlari ishtirokida mazkur masala muhokama qilinib, mas’ul idoralardan aholining dori bozoridagi narxlar tafovuti bo‘yicha haqli noroziliklariga nisbatan munosabat bildirishi yuzasidan deputatlik so‘rovi yuborildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!