O‘zbekiston

18 nafar hokim yordamchisi javobgarlikka tortildi

18 nafar hokim yordamchisi javobgarlikka tortildi

Ma’lumki, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida tijorat banklari tomonidan kreditlarni Yagona elektron platforma orqali ajratish tartibi belgilandi.

Shunga ko‘ra, hokim yordamchisi qarz oluvchining arizasiga asosan joyiga chiqqan holda, uning faoliyat turi bo‘yicha shart-sharoitlari, imkoniyati hamda yetarli ko‘nikmasi mavjudligini o‘rganib, o‘rganish natijasi bo‘yicha foto hisobot va qarz oluvchining xaritadagi joylashuvini ilova qilgan holda kredit ajratish uchun tavsiyanoma yoki kredit ajratishni rad etish to‘g‘risidagi xulosani 5 ish kuni mobaynida Yagona elektron platformaga joylashtirishi belgilangan.

Biznes-ombudsman axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, ayrim hokim yordamchilari tomonidan tadbirkorlarning arizalari belgilangan muddatda ko‘rib chiqilmagani ular huquqlarining buzilishiga sabab bo‘lgan.

Jumladan, Kosonsoy tumanida faoliyat yurituvchi “Fayz” MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) rahbarining Yagona elektron platforma orqali yo‘llagan 300 mln. so‘m kredit ajratish haqidagi arizasi tegishli mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi tomonidan belgilangan muddatdan 35 kundan so‘ng ko‘rib chiqilib, tadbirkorlik sub’ektining qonun hujjatlari bilan berilgan huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Bu borada Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, 40 dan ortiq tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygani aniqlanib, Namangan viloyatidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarining 18 nafar hokim yordamchilariga nisbatan ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi ta’minlandi.