O‘zbekiston

Oʻzbekiston Milliy tabiiy meros obyektlari roʻyxati shakllantirildi – Ekologiya vazirligi

Oʻzbekiston Milliy tabiiy meros obyektlari roʻyxati shakllantirildi – Ekologiya vazirligi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan mamlakatimizning davlat ahamiyatiga molik tabiiy obyektlari xatlovdan oʻtkazildi, shu jumladan, noyob va betakror ekotizimlar, biologik xilma-xillik turlari, suv havzalari va tabiiy landshaftlar, buning natijasida milliy tabiiy meros obyektlari roʻyxati shakllantirildi va tasdiqlandi.

Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini oʻzgartirish hamda vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirildi.

Olib borilgan oʻrganishlar koʻlami koʻp yillik qimmatbaho va noyob daraxt va archazorlarni, toʻqayzorlarni, daryolar, tabiiy koʻllar va buloqlarni, soylar va sharsharalarni, shuningdek, tabiiy geologik tuzilmalarni, yaʼni daralar va qoyalarni, togʻ-toshlar, muzliklar, botqoqliklarni, choʻllar va barxanlarni, oʻsimlik va hayvonlarning muhim oʻsish hamda yashash areallarini, tabiiy landshaft va muhim ornitologik hududlarni, shuningdek, davlat muhofazasida boʻlgan qoʻriqxonalarni, tabiiy bogʻlarni oʻz ichiga qamrab oldi.

Milliy tabiiy meros obyektlari Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga muvofiq, xususiyatlariga koʻra biologik, gidrologik, geologik va paleontologik tabiiy meros obyektlariga ajratilib tasniflandi. Xususan, olib borilgan tadqiqotlar natijasi oʻlaroq vazirlik mutaxassislari tomonidan jami 177 ta obyekt (qoʻriqxona va milliy tabiat bogʻlari bilan birgalikda) Milliy tabiiy meros obyektlari sifatida tanlandi. Ular orasida:

— daraxtzor, archazor, toʻqayzor va tabiiy maskanlardan iborat 16 ta obyekt;— 50 ta buloq, 14 ta koʻl, 3 ta daryo, 10 ta sharshara, 4 ta soy va Orol dengizini oʻz ichiga olgan 82 ta gidrologik obyekt; — 10 ta gʻor, 5 ta dara, 10 ta togʻ, qoya va toshlar, 6 ta choʻl, qumlik va barxanlardan tarkib topgan 31 ta geologik obyekt;— “Dinozavr izi” tabiiy maskani paleontologik obyekti oʻrin oldi.

Shu bilan birga respublika hududidagi 7 ta davlat qoʻriqxonasi, 1 ta majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonasi va 13 ta buyurtma qoʻriqxonasi hamda 13 ta milliy tabiat bogʻi va 11 ta tabiat yodgorligi Milliy tabiiy meros obyektlari safiga kirdi.

Shu oʻrinda UNESCOʻning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan transchegaraviy tabiiy obyektlar — Gʻarbiy Tyan-Shan togʻi (2016-yil) va Moʻtadil mintaqadagi Turon sahrolari (Ustyurt platosi, 2023-yil) hamda UNESCOʻning Butunjahon biosfera rezervatlari tarmogʻiga kiritilgan Chotqol biosfera qoʻriqxonasi (1978-yil) va Quyi Amudaryo biosfera qoʻriqxonasi (2021-yil) ham Milliy tabiiy meros obyektlari roʻyxatida oʻz ifodasini topdi.

Shuningdek, xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan suvda suzuvchi qushlarning yashash joylari boʻlgan suvli-botqoq joylar toʻgʻrisidagi Ramsar konvensiyasi roʻyxatiga kirgan Dengizkoʻl (2002-yil), Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi (2008-yil), Toʻdakoʻl tabiiy suv havzasi va Quyimozor suv ombori (2008-yil) hamda Sudoche koʻli (2023-yil) roʻyxatdan oʻrin oldi.

Mazkur tabiiy meros obyektlari nominatsiyalarini Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN), UNESCO va FAO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik dasturlari doirasida xalqaro roʻyxatlarga taqdim etishga oid tegishli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu boradagi natijalar yurtimiz tabiiy yodgorliklarini jahon jamoatchiligiga keng targʻib etishda va milliy turizm salohiyatimizni yanada yuksaltirishda ulkan ahamiyat kasb etadi.