O‘zbekiston

Oilaviy tadbirkorlarga 5 nafargacha doimiy xodim yollash huquqi berildi

Oilaviy tadbirkorlarga 5 nafargacha doimiy xodim yollash huquqi berildi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-890, 27.12.2023-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritildi.

“Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi oilaviy tadbirkorlik subyektlariga 5 nafargacha doimiy xodimni ular bilan mehnat shartnomasini tuzgan holda yollash huquqi berildi (ilgari 3 nafargacha edi).

Shuningdek, bir oilaviy korxona ishtirokchisiga bir vaqtning o‘zida boshqa oilaviy korxona ishtirokchisi bo‘lish huquqi berildi.

“Bojxona kodeksi”ga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, davlat hamda nodavlat sport-ta’lim tashkilotlari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun import qilinadigan maxsus sport kiyim-boshlari, poyabzal, sport anjomlari, jihozlari va uskunalarining 50 foizi uchun bojxona bojini to‘lashdan ozod etish tarzidagi imtiyozlar berildi.

“Shaharsozlik kodeksi”ga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining shaharsozlik faoliyati obyektlarini qurish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish bo‘yicha vakolatlari bekor qilindi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.