O‘zbekiston

Bloger Olimjon Haydarov ishi bo‘yicha sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi

Bloger Olimjon Haydarov ishi bo‘yicha sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi

28-dekabr kuni Farg‘ona viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida bloger Olimjon Haydarovning apellyatsiya tartibida bergan shikoyati ko‘rib chiqildi.

Oliy sud matbuot kotibi xabariga ko‘ra, Farg‘ona tuman sudining 2023-yil 1-dekabrdagi hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi va shikoyat qanoatlantirilmadi.

Eslatib o‘tamiz, 1-dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumani sudida bloger va jamoatchilik faoli Olimjon Haydarovga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilingan edi.

Haydarov Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 2-qismi, 3-qismi «a» bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi «a» bandi va 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan edi.