AQShda birinchi marta tadbirkor Ilon Maskning Tesla Cybertruck elektri ishtirokida avariya qayd etildi. Hodisa Kaliforniyaning Palo-Alto shahridagi yo‘llardan birida sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda The Verge politsiya ma’lumotlariga tayanib.
Yengil shikastlangan pikapning voqea joyidan olingan suratlari Reddit forumida chop etildi. Keyinroq politsiya patrul xizmati xodimlari jurnalistlarga SR-35 trassasida Tesla Cybertruck va 2009-yilda ishlab chiqarilgan Toyota Corolla yengil avtomobili to‘qnashganini tasdiqladi. 17 yoshli o‘smir yapon mashinasini boshqargan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Toyota haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib qo‘ygan, natijada uning mashinasi avvaliga yo‘lni tark etgan va tuproq to‘sig‘iga borib urilgan, keyin esa yana yo‘l bo‘lagiga chiqib ketgan, medianani kesib o‘tib, qarshisida kelayotgan Cybertruckni urib yuborgan.
Hodisa oqibatida Tesla haydovchisi yengil tan jarohati oldi va tibbiy yordamdan bosh tortdi. Hodisaning qolgan ishtirokchilari jabrlanmagan.
Taqdim etilgan fotosuratlarga ko’ra, to’qnashuv natijasida Cybertruck deyarli buzilmagan, uning ichki qismidagi xavfsizlik yostiqchalari ochilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!