Jahon

Aqtaudagi samolyot halokatida 29 kishi omon qoldi

Aqtaudagi samolyot halokatida 29 kishi omon qoldi

Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga reysni amalga oshirgan Embraer 190 rusumli yo‘lovchi samolyoti 25-dekabr tongida Qozog‘iston g‘arbidagi Aqtau shahri yaqinida aviahalokatga uchradi.

Qulagan samolyot bortida 64 yo‘lovchi va ekipajning besh nafar a’zosi bo‘lgan, deb xabar qilgan Qozog‘iston transport vazirligi. Avvaliga «Kazinform» agentligi samolyotda 105 yo‘lovchi va ekipajning besh a’zosi uchganini xabar qilgandi, ammo keyinroq xabariga tuzatish kiritdi. Baza telegram-kanali samolyot bortida bo‘lgan yo‘lovchilar ro‘yxatini e’lon qilgan, unda 67 kishi qayd etilgan.

Qancha odam halok bo‘lgani hozircha noma’lum, lekin omon qolganlar bor. Mang‘istau oblasti sog‘liqni saqlash boshqarmasi «Interfaks»ga voqea joyidan kamida to‘rt kishining jasadi topilganini ma’lum  qilgan. Qozog‘iston FVV esa 29 kishi halokatdan omon qolganini tasdiqlagan. Jabrlanganlardan to‘qqiz nafari og‘ir ahvolda, deb xabar bergan RIA Novosti operativ shtab ma’lumotiga asoslanib. Yaradorlarning uch nafari bolalar, deb xabar beradi Shot. FVVdagilar ikki bola shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar qilgan. FVV jabrlanganlar ro‘yxatini tayyorlamoqda.

Halokatdan keyin samolyot parchalangan, dum qismi ajralgan va ag‘darilgan. Fotosuratlar va hodisa videolaridan ko‘rish mumkinki, omon qolganlar aynan samolyotning dum qismida bo‘lgan.

Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi Aqtauga jarrohlar va travmatologlar bilan sanitar aviatsiya bortini yuborgan.

Samolyotda to‘rt mamlakat fuqarolari parvoz qilgan. Qozog‘iston transport vazirligiga ko‘ra, bortda Ozarboyjonning 37, Rossiyaning 16, Qozog‘istonning olti fuqarosi, shuningdek uch nafar qirg‘izistonlik bo‘lgan. Shot telegram-kanali bortda bo‘lgan Rossiya fuqarolari ro‘yxatini e’lon qilgan, unda 15 rossiyalik bor, jumladan, 2011 va 2013-yillarda tug‘ilgan bolalar.

Samolyot halokatga uchrashi videoga olingan. Kadrlarda samolyot balandlikka ko‘tarilishga uringani, ammo boshqaruv tizimlari ishdan chiqishi tufayli pastlagani, qo‘nish yo‘lagiga kirishdan oldin 45 daraja burchak ostida yerga urilgani va shundan keyin portlash ro‘y berganini ko‘rish mumkin.