Yangi yil tadbirlarining xavfsiz va ko‘tarinki ruhda o‘tishini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Sherzod Ibragimov rahbarligida maxsus ishchi guruh tashkil etildi.
O‘rganishlar doirasida ishchi guruh shtabi a’zolari yangi yil tadbirlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli noxush holatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilish davomida jamoat xavfsizligini ishonchli ta’minlash, bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalarni aniqlash va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlar muhokama qilinib, tegishli topshiriqlar berildi.
Ishchi guruh a’zolari Qarshi shahridagi markaziy archani ko‘zdan kechirib, uning atrofidagi xavfsizlik choralari bilan tanishdi. Keyingi manzillar istirohat bog‘i, teatr va «Yerqo‘rg‘on» dehqon bozori bo‘ldi. Mazkur obyektlarda fuqarolar uchun yaratilgan qulayliklar, xavfsizlik choralari va narx-navolar o‘rganildi.
Shuningdek, ishchi guruh Qarshi shahrining markaziy ko‘chalarida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Aniqlangan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish uchun topshiriqlar berildi va ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan rejalar belgilab olindi.
Qolaversa, YHXX rahbari yangi tashkil etilayotgan Ma’muriy amaliyot binosini ko‘zdan kechirib, ta’mirlash ishlari yuzasidan o‘zining taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!