O‘zbekiston

Toshkentda harakat davomida sigaret chekkan avtobus haydovchisi ishdan bo‘shatildi

Toshkentda harakat davomida sigaret chekkan avtobus haydovchisi ishdan bo‘shatildi

Joriy yilning 28-dekabr kuni, ijtimoiy tarmoqda avtobus haydovchisi tamaki mahsulotini iste’mol qilib ketayotgani aks etgan video joylashtirildi. Mazkur holat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» AJ izoh berdi.

“Toshshahartransxizmat” Aksiyadorlik jamiyatining Yo‘lovchi transportida harakat xavfsizligini nazorat qilish xodimlari  tomonidan tezkor surishtiruv ishlari o‘tkazilganda, mazkur qoidabuzarlik «18-Avtobus saroyi» filiali tasarrufidagi, davlat raqami 01|184 QKA, saroy raqami 441-bo’lgan, 87-sonli yo‘nalishda harakatlanuvchi «Yutong» rusumli avtobus haydovchisi I.A tomonidan sodir etilganligi aniqlandi.

Ta’kidlash kerakki, «Toshshahartransxizmat» AJning avtobus saroylarida faoliyat olib borayotgan har bir haydovchiga yo’nalishda tartib intizomni saqlash, yo’lovchi tashish qoidalari va madaniyatiga rioya etish va korxonaning ichki mehnat tartibiga amal qilish, shuningdek, harakat vaqtida uyali aloqa telefonidan foydalanmaslik va tamaki mahsulotini iste’mol qilmaslik bo’yicha yo’riqnoma o’tkazilgan bo’lib, har bir haydovchidan yuqoridagi talablarga rioya etishi yuzasidan kafolat xati olingan.

Ushbu kafolat xatiga asoslanib, avtobusni boshqarish vaqtida tamaki mahsulotini iste’mol qilib, korxona ichki tartib qoidalarini  buzganligi uchun haydovchiga nisbatan «18-Avtobus saroyi» filiali rahbariyati tomonidan qatʼiy chora ko‘rilib, haydovchi I.A bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi ma’lum qilindi.