O‘zbekiston

“Baxti Tashkentskiy”ga yana bir ayblov qo‘yildi

“Baxti Tashkentskiy”ga yana bir ayblov qo‘yildi

O‘zbekistonda kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida davom etayotgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davomida qo‘lga olingan Baxtiyor Qudratullayev (“Baxti Tashkentskiy”)ga Jinoyat kodeksining yana bir bandi bilan qo‘shimcha ayblov qo‘yildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga huquq-tartibot organlaridagi manbasi xabar berdi.

Ma’lumki, Baxtiyor Qudratullayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi –  juda ko‘p miqdorda tovlamachilik va 276-modda (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi “a” bandi – ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini saqlash bilan gumonlanmoqda.

Manbaga ko‘ra, bugungi kunda Baxtiyor Qudratullayev Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandiga qo‘shimcha ravishda, ushbu moddaning “v” bandi – uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab jinoyat sodir etganlikda ham ayblanmoqda.

Shuningdek, 15 sutkaga qamalgan “Baxti Tashkentskiy” jazoni o‘tab bo‘lgan. U tergov harakatlari davomida qamoqda saqlanishi uchun prokuror tomonidan sanksiya qo‘llanilgan.