Isroilning G‘azo sektori janubidagi Rafah shahridagi turar-joy binosiga bergan zarbasi natijasida 12 nafar bola va 4 nafar ayol halok bo‘ldi. Bu haqda payshanba kuni shifokorga tayanib CNN xabar berdi.
Unga ko‘ra, jami 21 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab kishilar yaralangan.
Avvalroq Al Jazeera Isroilning hujumi natijasida Rafahda kamida 20 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.
7 oktyabrdan beri Isroil hujumlarida 20 400 dan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. XAMASning 7 oktabr kuni Isroilga hujumi oqibatida halok bo‘lganlarning qayta ko‘rib chiqilgan soni 1139 kishini tashkil etadi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining bildirishicha, G‘azo sektoridagi ikki millionga yaqin aholi oziq-ovqat va suv tanqisligida. Mavjud suv zaxiralarining taxminan 96% inson iste’moli uchun yaroqsiz. Asosiy ehtiyojlar, jumladan, toza ichimlik suvi va dori-darmonlar keskin tanqisligi kuzatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil hukumati G‘azo sektori janubidagi aholini evakuatsiya qilishga buyruq bergani xabar qilingandi. Shuningdek, qator nashrlar Isroil va XAMAS o‘rtasida garovga olinganlarni almashish bo‘yicha yangi kelishuv bo‘yicha muzokaralar yaqin kelajakda boshlanishi mumkinligini yozgan, biroq XAMAS rahbari Isroil bilan sulh tuzishdan bosh tortgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!