Dasturxon nechog‘lik to‘kin bo‘lmasin, birdaniga ko‘p ovqat yeb qo‘ymang, har bir ovqatni kam-kamdan yeng;
quyuq ovqatlardan oldin sabzavot va mevalardan tayyorlangan salatlar yeng, bu ishtahangizni jilovlab, ko‘p yeb qo‘yishdan saqlaydi;
ovqatni ko‘katlar bilan va xom holdagi sabzavot (masalan sabzi, karam va turp va h.k) va mevalardan tayyorlangan salatlar bilan qo‘shib iste’mol qilsangiz hazm qilish osonlashadi;
ovqatlar oralig‘ida olma sharbati ichib turing;
iste’mol qilinayotgan ovqat mahsulotining harorati me’yorda bo‘lishi lozim, taomni o‘ta issiq va sovuq holda iste’mol qilish organizm uchun zarar hisoblanadi;
issiq ovqatlar oralig‘ida ko‘k choy iching, zinhor issiq ovqat bilan muzdek ichimlik ichmang, aks holda hazm bo‘lishi qiyinlashadi;
har bir ovqatlanish oralig‘ida harakatda bo‘lish, o‘tirib qolmaslik, xonalarda yurish yoki biroz piyoda sayr qilib kelish, yeyilgan ovqat hazm bo‘lgandan so‘ng, boshqa taomlardan tanovul qilish mumkin.
agar bayram kuni dasturxonda xamirli ovqatlar yoki yog‘li, qovurilgan ovqatlar bo‘lsa, avvalo, me’yorni unutmang, ularni qatiq va qatiqli salatlar va oshko‘klar bilan yeng va albatta ko‘k choy ichib, hazm bo‘lguncha kuting, ustiga boshqa ovqat aralashtirmang;
bayram kuni ko‘proq yog‘siz go‘shtlardan tayyorlangan ovqatlar bo‘lgani ma’qul. Parhezbop hisoblangan tovuq go‘shtidan foydalaning.
dasturxonga mevali tort tanlang va kaloriyasi past bo‘lgan shirinliklardan qo‘ying. Chunki, shirinliklarga ruju qo‘yish oshqozon osti bezini zo‘riqtiradi, oqibatda esa qandli diabet deb atalmish og‘ir kasallik rivojlana boshlaydi.
barcha iste’mol qilinayotgan ovqat mahsulotlari toza, muddati o‘tmagan va yetarli darajada texnik qayta ishlovdan o‘tgan bo‘lishi kerak;
taomlarni iloji boricha bir kun ichida tayyorlab, iste’mol qilish o‘rinli. Chunki qayta isitib yeyilgan ovqatning organizm uchun foydasi kam bo‘ladi. Bundan tashqari, bayram kuni zo‘riqqan oshqozon- ichaklarda yanada zo‘riqish kuzatilib, noxush holatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Ovqat tayyorlashda hayvon yog‘lari o‘rniga o‘simlik yog‘larini ishlatish lozim. Chunki o‘simlik yog‘lari tarkibida xolesterin moddasi bo‘lmaydi, shuning uchun yengil hazm bo‘ladi. Hayvon yog‘lari tarkibida yuqori darajada xolesterin moddasi bo‘ladi;
Ovqatni pishirishda keragidan ortiqcha qovurmaslik kerak, chunki zarur bo‘lgan vitaminlar va faol moddalar o‘z xususiyatini yo‘qotadi. Taomlarni ko‘proq qaynatib, bo‘g‘lab tayyorlash. Bu ovqatning xavfsizligini ta’minlash bilan birga uning tarkibidagi yog‘, tuz va shakar miqdorini kamaytirishga ko‘maklashadi;
Bayram dasturxonidagi sho‘r bodring, tuzlamalardan o‘zingizni tiying. Sutka davomida iste’mol qilinadigan osh tuzning umumiy miqdori bir choy qoshiqdan oshmasligi kerak.
Osh tuzini ko‘p iste’mol qilish ko‘rish jarayonining buzilishiga, qon bosimining oshib ketishiga va buyrak xastaliklariga sabab bo‘ladi. Taom pishirishda faqat yodlangan osh tuzini ishlatish zarur.
Bayram kunlari o‘zingizni sog‘lom va yengil his etib, tetik va bardam yurishni istasangiz, albatta ovqatlanish tartibiga, sifatiga va me’yoriga qat’iy rioya qiling!
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!