Jahon

Koreyada noma’lum shaxs muxolifat yetakchisiga pichoq bilan jarohat yetkazdi

Koreyada noma’lum shaxs muxolifat yetakchisiga pichoq bilan jarohat yetkazdi

Janubiy Koreyaning asosiy muxolifatdagi Demokratik partiyasi raisi Li Chje Myon 2 yanvar, seshanba kuni ommaviy tadbir vaqtida hujumga uchradi. Li Pusandagi Kadokto orolida yangi aeroport qurilishiga tashrif buyurganidan so‘ng jurnalistlar savollariga javob berar ekan, unga dastxat olish uchun kelgan taxminan 50-60 yoshlardagi noma’lum erkak to‘satdan siyosatchiga hujum qilib, uning bo‘yniga pichoq urgan.

Hodisa vaqtida olingan suratlarda Janubiy Koreya muxolifati yetakchisi ko‘zlarini yumgan holda yerda yotgani, uning atrofida to‘plangan olomon bo‘yniga ro‘mol bosib turganini ko‘rish mumkin. Mahalliy OAV xabar berishicha, Li ko‘p qon yo‘qotgan bo‘lsa-da, hushida qolgan. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgandan so‘ng, u tezkorlik bilan kasalxonaga yetkazilgan.

«Ryonxap» agentligi hujum qilgan shaxs voqea joyida qo‘lga olinganini xabar berdi.

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol tezkor tergov o‘tkazishni buyurdi va Lini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi, deyiladi prezident idorasi bayonotida. «Yun jamiyatimiz hech qachon, hech qanday sharoitda bunday zo‘ravonliklarga toqat qilmasligi kerakligini ta’kidladi», — deyiladi bayonotda.

Sonnam shahri sobiq meri Li Chje Myon Demokratik partiyani 2022 yil o‘rtalaridan beri boshqarib kelmoqda. U 2022 yil mart oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Yun Sok Yolga kichik farq bilan yutqazdi.

Manba: Kun.uz internet nashri