O‘zbekiston

Oʻzbekistonda AI-80 benzinining narxi oshdimi?

Oʻzbekistonda AI-80 benzinining narxi oshdimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda AI-80 rusumli benzin narxining oshgani haqida xabarlar tarqaldi. “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan bu boʻyicha rasmiy maʼlumot berildi.

Taʼkidlanishicha, 2023-yil 31-dekabriga qadar amalda boʻlib kelgan aksiz soligʻi bilan bogʻliq imtiyoz yakuniga yetgani bois, narxda oʻzgarish boʻlgan.

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-dekabrdagi «Kuz-qish mavsumida isteʼmolchilarni avtobenzin mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash va ularning narxlari keskin oshishining oldini olish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-440-son va 2023-yil 23-fevraldagi “Isteʼmolchilarni avtobenzin mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlashda qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-80-sonli qarorlar asosida 2023-yil 1-martdan 2023-yil 31-dekabrga qadar import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik subyektlari tomonidan yakuniy isteʼmolchilarga sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun, istisno tariqasida, aksiz soligʻi “nol” stavka qoʻllanilgan. Shundan kelib chiqib, AI-80 rusumli avtobenzinning chakana narxlari 1 litr uchun 6 050 soʻm etib belgilangan edi.

2024-yil 1-yanvar kunidan boshlab “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi hamda “UNG Petro” MCHJning AYOQSHlarida AI-80 rusumidagi avtobenzinning chakana narxi 1 litr uchun 6 800 soʻm etib belgilandi.

Maʼlumot uchun: import qilinadigan va mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan avtobenzinning aksiz soliq stavkasi 1 tonna uchun 303 ming soʻm va yakuniy isteʼmolchiga realizatsiya qilinadigan avtobenzinning soliq stavkasi 1 tonna uchun 565 ming soʻm yoki bir litr uchun 425 soʻm», – deyiladi “Oʻzbekneftgaz” AJ Axborot xizmati tomonidan berilgan maʼlumotda.