Yaponiya Milliy meteorologiya boshqarmasi qator zilzilalardan so‘ng mamlakatning butun g‘arbiy sohili bo‘ylab e’lon qilingan sunami xavfini bekor qildi. Bu haqda «Kyodo» agentligi xabar berdi.
1 yanvar kuni Yaponiyada sodir bo‘lgan zilzilalar fonida balandligi 5 metrgacha bo‘lgan sunami xavfi e’lon qilindi. Birinchi silkinishlar Isikava prefekturasida soat 16:06 da qayd etilgan, ularning magnitudasi 5,7 va 7,6 ni tashkil qilgan. Keyinchalik Isikava prefekturasida yana zilzila sodir bo‘ldi. Milliy meteorologiya boshqarmasi ushbu zilzila 4,6 magnitudani tashkil qilganini qayd etgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiyada yuz bergan ketma-ket zilzilalar oqibatida halok bo‘lganlar soni 24 kishiga yetgan, 50 dan ortiq kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan.
Yaponiya meteorologiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila Vajima shahridan 30 kilometr sharq-shimoli-sharqda sodir bo‘lgan va dastlabki chuqurligi 16 kilometrni tashkil qilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!