O‘zbekiston

Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi faoliyatiga xizmat tekshiruvi tayinlandi

Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi faoliyatiga xizmat tekshiruvi tayinlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri, Yunusobod tumanida bir dona eman daraxtiga quruvchilar tomonidan shikast yetkazilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilganida “Max Processing” MCHJ mansabdor shaxslari tomonidan 1 dona eman daraxti tegishli agrotexnik talablarga amal qilinmasdan Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumaniga ko‘chirib o‘tqazilgani aniqlandi. Ayni damda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan “Max Processing” MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan JKning 198-moddasi 3-qismi va 229-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, Mehnat kodeksining 151-153-moddalariga ko‘ra Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi boshlig‘ining faoliyatiga xizmat tekshiruvi tayinlandi va F.D. 2023 yilning 30 dekabridan 2024 yilning 1 fevraliga qadar ishdan chetlashtirildi.

Xizmat tekshiruvi davomida Toshkent shahar ekologiya boshqarmasining barcha tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, xodimlarining faoliyati hamda 2021-2023 yillar davomida boshqarma tomonidan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalarni kesishga berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi va asoslari o‘rganiladi.

Poytaxtda moratoriy talablariga to‘liq rioya etilmayotganligi, aholi tomonidan daraxtlarning kesilishi borasida ko‘plab e’tirozlar bildirilayotganligi, qonunchilikka amal qilinmasdan daraxtlarni kesishga yoki ko‘chirishga qayta-qayta ruxsatnoma berilayotganligi sababli Ekologiya vazirligi shu yilning 1 fevraliga qadar Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi vakolatlarini cheklashiga to‘g‘ri keldi. Xususan, endi daraxtlarni kesish yoki ko‘chirib o‘tqazishga ruxsatnoma berish faqatgina vazirlikning tegishli boshqarmasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.