Jahon

Ayova shtatidagi maktabda otishma: bir kishi halok bo‘ldi, besh kishi yaralandi

Ayova shtatidagi maktabda otishma: bir kishi halok bo‘ldi, besh kishi yaralandi

Payshanba kuni ertalab AQSHning Ayova shtatidagi Perry High School maktabida sodir bo‘lgan otishmada bir o‘smir halok bo‘ldi, yana besh kishi yaralandi. O‘q otgan o‘sha maktabning 17 yoshli o‘quvchisi o‘z joniga qasd qildi, deb xabar berdi ВВС.

Politsiya rasmiylari payshanba kuni kechqurun o‘sha maktabning 17 yoshli o‘quvchisi Dilan Batler ta’tildan keyingi birinchi kuni ertalab maktabda o‘t ochganini e’lon qildi.

U nasosli miltiq va to‘pponcha bilan qurollangan edi. Politsiyaning aytishicha, u o‘zini o‘zi otgan.

Maktab binosidan qo‘lbola usulda tayyorlangan portlovchi qurilma ham topilgan. U sapyorlar tomonidan zararsizlantirildi.

Politsiya voqea joyiga 7 daqiqada yetib keldi. Keyinroq politsiyaga FBI agentlari va maxsus aksilterror bo‘linmasi xodimlari qo‘shildi.

Otishma ertalab soat sakkiz yarimda, darslar hali boshlanmagan va maktab binosida nisbatan kam sonli o‘quvchilar bo‘lgan paytda boshlangan.

Mahalliy matbuotning yozishicha, voqeadan keyin kelgan ko‘plab maktab o‘quvchilari uylariga jo‘natilgan.

Perry High School Perri shahrida joylashgan bo‘lib, aholisi atigi 8 ming kishidan oshadi, shtat poytaxti De-Moyn shahridan shimoli-g‘arbda joylashgan. Bu jami 1785 o‘quvchiga ega bo‘lgan mahalliy jamoat maktablari tarmog‘ining bir qismidir.