O‘zbekiston

Binance kriptovalyuta birjasi O‘zbekistonda litsenziyasiz ishlagani uchun jarimaga tortildi

Binance kriptovalyuta birjasi O‘zbekistonda litsenziyasiz ishlagani uchun jarimaga tortildi

Oʻzbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni va prezidentning 2017-yil 27-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish hamda ushbu sohada faoliyatni litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari boʻyicha vakolatli organ etib belgilangan.

“Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan litsenziya talablari va Oʻzbekiston hududida kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlarining faoliyati shartlari belgilanadi.

Qonun ijrosini taʼminlash maqsadida Agentlik xalqaro kripto-birjalar va boshqa elektron platformalar, shu jumladan “Binance” kripto-birjasi faoliyatini kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi litsenziyalash talablari va shartlariga muvofiqligini tekshirdi.

Quyidagi qonun hujjatlari buzilganligi agentlik tomonidan aniqlandi:

– Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga kripto-aktivlar bilan bogʻliq operatsiyalar boʻyicha xizmatlar koʻrsatilganligi haqida tasdiqlangan faktlar mavjudligi;

– “Binance” platformasida operatsiyalar anonim kripto-aktivlar, shuningdek, jinoiy yoʻl orqali olingan kripto-aktivlar va mablagʻlar (oʻgʻirlik, firibgarlik va boshqalar) bilan amalga oshirilishi;

– kompaniya yuridik shaxs – Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti emasligi;

– Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan serverlarda elektron platforma mavjud emasligi;

– Oʻzbekiston Respublikasining kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish, shuningdek shaxsiy maʼlumotlarni saqlash va ulardan foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarining talablariga rioya etilmayotgani;

– xizmatlar provayderlarining ustav jamgʻarmasida (kapitalida) Nizomning 9-bandi “z)” xatboshisida koʻrsatilgan shaxslarning hamda offshor hududlarda roʻyxatdan oʻtgan kompaniyalarning ishtirok etishiga yoʻl qoʻymaslik haqidagi maʼlumotlarning mavjud emasligi;

– bir qismi Oʻzbekiston Respublikasi tijorat bankida alohida hisobvaraqda saqlanishi zarur boʻlgan ustav jamgʻarmasi (kapitali) mavjud emasligi.

Aniqlangan qoidabuzarliklar asosida kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish boʻyicha bayonnoma tuzilib, koʻrib chiqish va qoidabuzarliklarni bartaraf etish choralarini koʻrish uchun “Binance” kripto-birjasiga yuborildi.

“Binance” kripto-birjasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyatni tashkil etish, jumladan, tegishli xizmat koʻrsatuvchi provayder litsenziyasini olish boʻyicha tegishli choralar koʻrilmagan.

Shu munosabat bilan, agentlik, qonunga muvofiq, “Binance” kripto-birjasi va kompaniya roʻyxatdan oʻtgan yurisdiksiya regulyatoriga yuborilgan 300 ta bazaviy hisoblash miqdorida jarima solish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Maʼlumot o’rnida, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunning 55-moddasiga muvofiq, jarima solish toʻgʻrisidagi qaror yuborilgan kundan eʼtiboran bir oy ichida huquqbuzar ushbu qarorda nazarda tutilgan jarima summasini ixtiyoriy ravishda toʻlashi mumkin.

Huquqbuzar tomonidan jarima summasi ixtiyoriy ravishda toʻlanmagan taqdirda, vakolatli organ jarimani undirish toʻgʻrisidagi arizani sudga belgilangan tartibda besh ish kuni ichida kiritadi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida litsenziyasiz faoliyat bilan shugʻullanganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilangan.

Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga quyidagilarni eslatadi:

Prezidentning 2018-yil 3-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3832-sonli Qarorining 3-bandi “d)” xatboshisiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash boʻyicha operatsiyalarni 2023-yil 1-yanvardan boshlab faqat milliy provayderlar orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi.