O‘zbekiston

Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini muomalaga kiritilishining oldi olindi

Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini muomalaga kiritilishining oldi olindi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi, Uchtepa va Chilonzor tuman bo‘limlari tomonidan DXX va IIBB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda “A.S.”, “A” MCHJ va “R.-Ph.” xususiy korxonasiga qarashli dorixona sotuvchilari xaridorlarga hech qanday hujjatsiz jami 60 dona “Karbamazepin”, “Gabanerv”, “Tebantin”  nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotgan vaqtlarida ushlanib, ushbu dorixonalardan yana 12 860 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Xuddi shunday, Departamentning Farg‘ona viloyat boshqarmasi, Uchko‘prik tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda “T.Ph.”, “A.S.” MCHJlarga qarashli dorixonalarning sotuvchilari xaridorlarga hech qanday hujjatlarsiz jami 80 dona “Tebantin” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “O‘rikzor” MFY hududida harakatlanib kelayotgan “Nexia-2” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, fuqaro B.M.ning yonidan 50 dona “Lirika” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.