O‘zbekiston

Samarqandda mast holda bankda namoyish uyushtirgan fermer qamaldi

Samarqandda mast holda bankda namoyish uyushtirgan fermer qamaldi

Samarqand viloyati Payariq tumanida faoliyat yurituvchi fermerga 12 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Samarqand viloyat sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’muriy ish hujjatlariga ko‘ra, “Muhammad-Oybek” fermer xo‘jaligi raisi 54 yoshli Oybek Tuvalov 2023-yil dekabr oyining oxirida Telegram orqali “Payariq tuman fermerlari” nomli guruhga “Payariq Klaster” MCHJning faoliyatidan norozi bo‘lib xabarlar yuborgan.

Jumladan, u MCHJ oldida janjal bo‘lishini aytib, yig‘ilishlar va namoyishlar uyushtirish va o‘tkazish tartibiga qarshi xabarlar, videoxabarlar jo‘natgan. Shuningdek, Tuvalov fermerlar va ishchilarni yig‘ib, mast holatda ATB “Agrobank” Payariq tuman filiali binosida namoyish uyushtirgan.

Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudining 4-yanvardagi qaroriga muvofiq O.Tuvalov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasi (yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan. Unga 12 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.