Tesla va SpaceX top-menejerlari ushbu kompaniyalar bosh direktori Ilon Mask giyohvand moddalarni iste’mol qilayotganidan xavotirda. Bu haqda 6-yanvar, shanba kuni The Wall Street Journal (WSJ) tadbirkor va uning kompaniyalari bilan tanish bo‘lgan ismi oshkor etilmagan suhbatdoshlariga tayanib ma’lum qildi.
– Taqiqlangan moddalardan foydalanish SpaceX ning hukumat bilan milliardlab dollarlik shartnomalarini xavf ostiga qo‘yishi mumkin, deya ta’kidlaydi WSJ. Ushbu kompaniya xizmatlaridan AQSH Milliy Aeronavtika va Koinot Ma’muriyati (NASA) tomonidan bir necha bor foydalanilgan.
Mask WSJ so‘rovlariga javob bermadi. Uning advokati Aleks Spironing ta’kidlashicha, tadbirkor «SpaceXda muntazam va tasodifiy ravishda giyohvand moddalar testini o‘tkazadi va hech qachon sinovdan o‘ta olmay qolmagan».
Bir trillion dollarlik sarmoyador aktivlari xavf ostida
Mask o‘z kompaniyalari «qiymatining ajralmas qismidir», shuning uchun uning xatti-harakati potensial ravishda taxminan 1 trillion dollarlik investor aktivlarini, o‘n minglab ish o‘rinlarini va Qo‘shma Shtatlar kosmik dasturining katta qismini xavf ostiga qo‘yadi, deb yozadi gazeta.
Sayyoradagi eng boy odam LSD, kokain, ekstazi va gallyutsinogen qo‘ziqorinlardan shaxsiy partiyalarda foydalanadi, bu yerda ishtirokchilar tadbirga kirishdan oldin ma’lumotni oshkor qilmaslik to‘g‘risida shartnoma imzolaydilar yoki telefonlarini topshiradilar, deya izoh beradi gazeta manbalari.
2018 yil sentyabr oyida Ilon Mask jonli video podkast paytida marixuana chekdi, bu esa jamoatchilikning katta noroziligiga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, tadbirkor ketamindan go‘yoki tibbiy maqsadlarda foydalanishini aytdi, – deb yozadi DW nashri.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!