Iqtisod

O‘zbekistonda rasmiy ishsizlik darajasi ma’lum qilindi

O‘zbekistonda rasmiy ishsizlik darajasi ma’lum qilindi

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Shavkat Mirziyoyev bugun, 8-yanvar kuni aholi bandligini oshirish hamda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda Oʻzbekistonda ishsizlar soni 1 million 300 ming nafarni tashkil qilishi, 2024-yilda yana 2 million 400 ming aholi mehnat bozoriga kirib kelishi maʼlum qilindi. “Mening biznesim” platformasi, “Biznesga birinchi qadam” bank kartalari joriy etilishi ish bilan band aholining faoliyatini kengaytirishga qulaylik yaratishi taʼkidlangan.

Iqtisodiy aylanmaga kiritilmagan yerlarni infratuzilmaga ulash, loyihalarni ishga tushirish uchun tashabbuskorlarni qoʻllab-quvvatlash zarurligi qayd etildi. “Agregator” tizimi asosida “100 ming eksportchi dehqon” dasturi joriy qilinib, 2024-yilda 15 ming gektar yer maydonlari auksionga chiqarilishi belgilandi. Mehnat stajiga ega boʻlmagan shaxslarni kasb-hunarga oʻqitish, ijtimoiy reyestrdagi fuqarolarni ishga olgan korxonalarga soliq boʻyicha yengilliklar qoʻllash muhimligi ham aytib oʻtildi.

Bundan tashqari, ushbu yildan eʼtiboran 34 turdagi hisobotlar bekor qilinmoqda. Buning natijasida har yili 21 mingdan ortiq tadbirkorning 500 million soʻm xarajati tejaladi.

Maʼlumot uchun, soʻnggi yillarda respublikada oʻzini oʻzi band qilgan aholi soni 2 million 400 ming kishini tashkil qiladi.