Oʻzbekistonda chiqindi tashishda elektrda yurishga moʻljallangan texnika vositasidan foydalaniladi, deb xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi.
Maʼlum qilinishicha, elektromobil “Eko House” chiqindi klasteri tomonidan Xitoydan keltirildi.
“Bugungi kunda ekologiya, xususan, chiqindi sohasida yangi texnologiyalar joriy qilinmoqda. Xitoyning “Chengdu Shiny Technology Co Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda olib kelingan elektrotexnika vositasi, avvalo, atmosferaga zaharli tashlamalar chiqarmasligi bilan ahamiyatli. Yaʼni bu mashina ekologiyaga zarar yetkazmaydi”, — deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.
Xitoy kompaniyasi mutaxassisi Vey Go xonim ushbu elektromobil atmosferaga zararsiz ekanligini, Oʻzbekiston ham aynan shu jihatga eʼtibor qaratganini taʼkidladi.
“Elektromobil Xitoyning Chenju shahrida ishlab chiqarilgan. Ekologik jihatdan zararsiz. Oʻzbekiston bilan oʻzaro hamkorlikdan mamnunmiz va kelajakda chiqindi tashiydigan elektromobillarni Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz”, — degan Vey Go.
Elektromobil dastlab Jizzax viloyatida sinovdan oʻtkaziladi.
“Mashina toʻliq quvvatda 300 kilometr masofani bosib oʻtadi. Bu esa kun davomida aholi yashash punktlaridan chiqindilarni olib, maxsus poligonlarga tashish imkonini beradi. Shuningdek, 3 tonnagacha yukni bemalol koʻtara oladi”, — deydi “Eko House” chiqindi klasteri rahbari Jahongir Xudoyberdiyev.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!