Tahlil

«Omikron»ning JN.1 variantiga xos yangi alomatlar ma’lum bo‘ldi

«Omikron»ning JN.1 variantiga xos yangi alomatlar ma’lum bo‘ldi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan «xavotirli mutatsiya» sifatida kuzatuv ostiga olingan «omikron» shtammining JN.1 subversiyasi hozir dunyo bo‘ylab tez sur’atda tarqalmoqda.

AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari ma’lumotiga ko‘ra, bu variantni yuqtirish holatlari, ayniqsa, Qo‘shma Shtatlar, Islandiya, Fransiya, Portugaliya, Ispaniya hamda Buyuk Britaniyada sezilarli darajada ko‘paygan.

O‘rganishlarga ko‘ra, yaqin vaqtgacha JN.1 bilan xastalangan bemorlar asosan burun oqishi, holsizlik, yo‘tal va bosh og‘rig‘idan aziyat chekib kelayotgan edi.

Xususan, ushbu simptomlar orasida eng ko‘p tarqalgani burun oqishi bo‘lib, u kasallikka xos belgilarning 31 foizini tashkil etadi. 23 foiz holatda yo‘tal, 20 foiz holatda bosh og‘rig‘i kuzatilmoqda. Shuningdek, 20 foiz bemorlarda zaiflik va charchoq, 16 foizida esa mushaklarda og‘riq qayd etilyapti.

Buyuk Britaniya olimlari JN.1 varianti aniqlangan kishilarda endi koronavirusga xos bo‘lmagan ikki yangi alomat — uyqusizlik va bezovtalik kuzatilayotganini ma’lum qildi.

Mutaxassislar fikricha, bu kabi kamyob simptomlar ko‘payishi virusning odamlar immunitet tizimiga «chap berish» xususiyati oshib borayotganini anglatadi.

Shunga qaramay, JSST hozircha bu shtamm Yer yuzi aholisi salomatligiga global darajada xavf tug‘dirayotgani yo‘q, degan xulosada. Faqat JN.1 qish mavsumi davom etayotgan Shimoliy yarim sharda kasallanish ko‘rsatkichlari oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.