Yangiliklar

Poytaxtdagi “Arzon Dorixona”ga tegishli dorixona litsenziya bekor qilindi

Poytaxtdagi “Arzon Dorixona”ga tegishli dorixona litsenziya bekor qilindi
Foto: Ilyustrativ foto

Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasining xabar berishicha, Toshkentdagi “Arzon Dorixona”ga tegishli dorixona litsenziya bekor qilindi.

Xabarda taʼkidlanishicha, boshqarma mutaxassislari tomonidan fuqaro murojaati asosida Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Foziltepa koʻchasi, 26B-uy manzilida joylashgan “Arzon Dorixona” MCHJga tegishli dorixonada tekshiruv oʻtkazilgan. Tahlillar natijasiga koʻra, 25 turdagi dori vositasi tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika Davlat roʻyxatidan oʻtmaganligi hamda ushbu dori vositalarining muvofiqlik sertifikati mavjud emasligi aniqlangan.

“Holat boʻyicha “Arzon Dorixona” MCHJga dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati uchun 2020-yil 9-sentyabr kuni berilgan 1010-sonli litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi. Hamda “Arzon Dorixona” MCHJga berilgan litsenziya bekor qilindi”, – deyiladi xabarda.

Maʼlumot uchun, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunning 20-moddasiga muvofiq, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.