Yangiliklar

“2022-yilga nisbatan “koʻpaygan” soʻzi texnik xatolik sababli “kamaygan” soʻziga almashib qolgan”. Adliya vazirligi tugʻilish holatlari boʻyicha eʼlon qilingan statistika muhokamasi yuzasidan munosabat bildirdi

“2022-yilga nisbatan “koʻpaygan” soʻzi texnik xatolik sababli “kamaygan” soʻziga almashib qolgan”. Adliya vazirligi tugʻilish holatlari boʻyicha eʼlon qilingan statistika muhokamasi yuzasidan munosabat bildirdi
Foto: Statistika agentligi

2024-yilning 5-yanvarida Adliya vazirligi FHDY organlari tomonidan 2023-yilda qayd etilgan tugʻilish holatlari boʻyicha statistikani eʼlon qilgan edi.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Statistika turli muhokamalarga sabab boʻldi. Jumladan, bloger Muhrim Aʼzamxoʻjayev ushbu statistika haqida shunday yozgandi:

“Mana, adliyachilarning xabar berishicha, 2023-yilda Oʻzbekistonda 968 140 nafar bola tugʻilibdi va bu 2022-yilning mos davriga nisbatan 28 360 ta kam ekan. Yaʼni, adliyachilar aytmoqchiki, 2022-yili Oʻzbekistonda 996 500 nafar – salkam 1 million bola tugʻilgan edi.

Aftidan, infografikada “koʻpaygan” soʻzi oʻrniga “kamaygan” deb yozib yuborishgan – 968 mingga 28 mingni qoʻshsak emas, aksincha, ayirsak, adliyachilar 2022-yil yakunlari boʻyicha bergan 939 046 ga yaqinroq bir narsa – 939 740 soni chiqib keladi”.

Adliya vazirligi holat yuzasidan munosabat bildirdi. Taʼkidlanishicha, mazkur maʻlumotlardagi tugʻilishlar soni 2022-yilga nisbatan “koʻpaygan” soʻzi texnik xatolik sababli “kamaygan” soʻziga almashib qolgan.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

“Hozirda ushbu xatolik bartaraf etildi. Shuningdek, taʻkidlash joizki, Adliya vazirligi va Statistika agentligi tugʻilishlar boʻyicha bitta manbadan foydalanadi. Adliya vazirligi tomonidan FHDY organlari tomonidan bir yil davomida qayd qilingan jami tugʻilishlar maʻlumotlari yuritilsa, Statistika agentligi faqatgina tirik tugʻilgan bolalar soni haqidagi maʻlumotlarni eʻlon qilib boradi”, — deyiladi xabarda.