Yangiliklar

Endilikda onlayn xaridlar uchun elektron chek beriladi

Endilikda onlayn xaridlar uchun elektron chek beriladi
Foto: Soliq qoʻmitasi matbuot xizmati

Tadbirkorlik subyektlari onlayn-NKM va virtual kassalardan foydalanishi hamda mijozlarga QR-kod va fiskal belgili chek taqdim etishlari shart, deb xabar bermoqda Soliq qoʻmitasi matbuot xizmati. 

Taʼkidlanishicha, bunday cheklar xarid toʻlov terminal orqali yoki naqd pulda amalga oshirilishidan qatʼi nazar xaridorga beriladi. Agar xaridor toʻlovlarni elektron toʻlov tashkilotlari, bank mobil ilovalar yoki elektron tijorat platformalari (marketpleys) orqali amalga oshirsa, unda elektron fiskal chek shakllantiriladi.

Bunday cheklar uchun “Soliq” mobil ilovasida xarid summasining 1 foizi miqdorida keshbek avtomatik tarzda hisoblanadi (buning uchun Soliq ilovasidagi va amalga oshirilayotgan toʻlov tizimidagi (marketpleys) telefon raqam mos kelishi kerak). 

Xaridor unga QR-kodli chek berilmagani haqida soliq organiga xabar berishga haqli. Buning uchun Soliq mobil ilovasining “Soliq hamkor” tizimi orqali murojaat yoʻllash lozim. Ilovaning oʻzida murojaat holatini kuzatib borish mumkin.