Iroq AQSh boshchiligidagi harbiy kuchlarning muzokaralar yo’li bilan mamlakat hududidan tez va tartibli chiqib ketishini istaydi. Bu haqda «Al Arabiya» nashri 9-yanvar kuni mamlakat Bosh vaziri Muhammad Shia al-Sudaniy tomonidan chiqarilgan bayonotga asoslanib xabar berdi.
Koʻpchiligi Eronga yaqin boʻlgan musulmon shia guruhlarining AQSh boshchiligidagi koalitsiyaning mamlakatni tark etishi haqidagi uzoq yillik chaqiriqlari AQShning Eron bilan bogʻliq jangari guruhlarga bir qator zarbalaridan soʻng kuchaygan.
Isroil G’azo bo’ylab harbiy harakat boshlaganidan beri AQSh kuchlariga o’nlab uchuvchisiz uchoqlar va raketa hujumlari sodir etildi. Bunga javoban berilgan AQSH zarbalari esa Iroqning yana mintaqaviy mojarolar teatriga aylanishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.
Iroq hukumati qurolli guruhlarning Iroqdagi xorijiy kuchlar va diplomatik vakolatxonalarga uyushtirgan hujumlari noqonuniy ekanligini va bu mamlakat manfaatlariga zid ekanini bir necha bor ta’kidlab, ba’zi jinoyatchilarni hibsga olganini, ko’plab hujumlarning oldini olganini iddao qilib keladi.
Al-Sudaniyning aytishicha, u koalitsiyadan chiqishga intilmoqda, chunki Iroq endi o’zini terrorizmdan himoya qila oladi va o’z hududida to’liq suverenitetga ega bo’lishi kerak. Iroqni mintaqaviy mojaroga tortish uchun hech kimga imkon berilmasligi kerak.
Iroq vaziri mamlakatdagi barcha xorijiy kuchlar chiqib ketishi kerakligini aytgan. Xalqaro koalitsiya bilan tuzilgan harbiy bitimlar o’z muddatidan oshib ketgan bo’lsa-da, Iroq xorijliklar oldiga hali muddat qo’ymagan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!