Yangiliklar

“Biotexnologiyalar klasteri” tashkil etiladi

“Biotexnologiyalar klasteri” tashkil etiladi
Ilyustrativ foto

“Farmatsevtika tarmogʻini yanada rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga koʻra, quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2024–2025-yillarda farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”;
  • farmatsevtika sohasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining yigʻma parametrlari;
  • “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri (Klaster) faoliyatini jadallashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi.

Klaster hududida “Biotexnologiyalar klasteri” tashkil etilib, unga qoʻshimcha 60 gektar yer maydoni ajratiladi. Qarorga koʻra, shuningdek:

  • har yili 1-dekabrgacha tibbiyot muassasalarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, kelgusi yil uchun farmatsevtika mahsulotlariga boʻlgan talab va ehtiyoj shakllantiriladi va internet saytida joylashtiriladi;
  • 2024-yil 1-martdan davlat xaridlarini amalga oshirishda davlat buyurtmachisi bir lotda faqat bitta farmatsevtika mahsulotini (xalqaro patentlanmagan nomi boʻyicha dori vositalari va tibbiy buyumlar) kiritishi mumkin boʻlgan tizim joriy qilinadi;
  • 2025-yil 1-yanvardan bosqichma-bosqich barcha tibbiyot muassasalari tomonidan markazlashmagan tartibda xarid qilinadigan farmatsevtika mahsulotlari xaridi markazlashtirilgan tartibga oʻtkaziladi.

2024-yil yakunigacha hududiy tibbiyot tashkilotlarining omborlari “Zarur saqlash amaliyoti – (GSP)” talablari asosida tashkil etiladi va termolabil dori vositalarini yetkazib berish uchun maxsus yuk tashuvchi avtotransport vositalari bilan taʼminlanadi.