Jahon

G’azodagi qurbonlar soni 23 mingdan oshib ketdi

G’azodagi qurbonlar soni 23 mingdan oshib ketdi

Isroilning G’azo sektoriga uyushtirgan hujumlari natijasida qurbon bo’lganlar soni 23 357 kishiga yetdi. 59 410 kishi jarohat olgan. Bu haqda G’azo sog’liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga asoslanib, «Al Arabiya» xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, G’azoning 2,3 millionlik aholisining 1,9 millionga yaqini Isroil bombardimonlari natijasida uy-joyini tashlab ketgan. So‘nggi 24 soat ichida Isroilning G‘azo sektori bo‘ylab olib borgan harbiy amaliyotlarida kamida 147 falastinlik halok bo‘lgan, 243 nafari yaralangan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti G’azoga ko’proq yordam kiritishga chaqirmoqda. Isroil esa Falastin anklaviga bir nechta yordam missiyalarini o’tkazishni rad etdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi bayonotiga ko’ra, Isroil hukumati tomonidan qilingan to’siqlar BMT yordam guruhlariga G’azoga juda zarur bo’lgan gumanitar yordamni yetkazishga to’sqinlik qilgan. 26 dekabrdan beri G’azo shahridagi markaziy dorixona va Jabaliyadagi Al-Avda kasalxonasiga borish bo’yicha so’rovlar besh marta Isroil hukumati tomonidan rad etilgan.