Yangiliklar

“Humo Air”ning navbatdagi parvozi: Toshkent-Fargʻona-Toshkent

“Humo Air”ning navbatdagi parvozi: Toshkent-Fargʻona-Toshkent
Foto: @aviaspotteruz

Yurtimiz boʻylab qulay, hamyonbop va xavfsiz aviqatnovlarni yoʻlga qoʻygan “Humo Air” kompaniyasining navbatdagi manzili Toshkent-Fargʻona-Toshkent yoʻnalishiga qaratildi.

Ilk reyslar  joriy yilning 9-yanvaridan boshlanadi. Samolyot Toshkent xalqaro aeroportidan Fargʻonaga  seshanba va payshanba kunlari 14:20 da, Fargʻonadan Toshkentga esa  xuddi shu kunlari 15:45 da uchadi. Ushbu yoʻnalish boʻyicha shanba kunlari ham aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, Toshkent-Fargʻona yoʻnalishida  10:15 da,  Fargʻona-Toshkent yoʻnalishida xuddi shu kuni 11:40 da parvoz qiladi.

“Humo Air” aviakompaniyasi tomonidan poytaxtimizdan amalga oshirilayotgan muntazam reyslar qator afzalliklarga ega. Bu reyslar transport tizimida imkoniyatlarni kengaytiradi, aholimizga qulay va samarali sayohat qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, biznes, turizm va sarmoya kiritish uchun yangi imkoniyatlar ochadi, mehmonlarni, shuningdek, yuqori salohiyatga va imkoniyatga ega boʻlgan hamkorlarni ham oʻziga jalb qiladi. Reyslarning joriy etilishi nafaqat hududning iqtisodiy oʻsishiga hissa qoʻshadi, balki madaniy almashinuvlar va hamkorlikka ham xizmat qiladi. “Humo Air” aviakompaniyasini poytaxtdan viloyatimizga yoʻnalish ochilgani bilan tabriklaymiz. Bu yoʻnalish Fargʻona shahrining ijtimoiy, turizm va ishbilarmonlik sohalari rivoji va farovonligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, degan umiddamiz”, — dedi Fargʻona viloyati hokimi.

Mazkur yoʻnalishdagi parvozlar 180 yoʻlovchiga moʻljallangan. Chiptalarni flyhumo.com sayti orqali bron qilish mumkin.

Shuningdek, 10-yanvar kuni “Humo Air”ning Toshkent-Buxoro-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha ham ilk parvozi boshlanadi. Ushbu reysning uchish vaqti Toshkentdan Buxoroga 10:15 da, Buxorodan  Toshkenga esa  12:00 da, haftaning chorshanba va shanba kunlari etib belgilangan.

Viloyat hokimligi mamlakatimizning sayyohlar uchun asosiy yoʻnalishlardan biri boʻlgan Buxoro shahriga Toshkentdan toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar qatnovi  yoʻlga qoʻyilishi boʻyicha ijobiy munosabat bildirdi. Hokimlik vakilining soʻzlariga koʻra, endilikda nafaqat xorijlik, balki mahalliy sayyohlar ham hamyonbop narxlarda parvoz qilib, Oʻzbekistonning betakror madaniyatiga shoʻngʻish imkoniyatiga ega.

“Soʻnggi yillarda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar xalqimiz turmush tarzini yaxshilash, turizm va hududlararo parvoz madaniyatini rivojlantirish uchun har tomonlama shart-sharoit yaratishga xizmat qilayotganini alohida taʼkidlab oʻtishim kerak”, – deydi Buxoro viloyati hokimi oʻrinbosari.

Qayd etish joizki, “Humo Air” loukoster aviakompaniyasi 2023-yilning 15-dekabridan Oʻzbekistonning toʻrtta shahri – Nukus, Samarqand, Urganch hamda Qarshiga parvozlarni boshlagan.  Joriy yil 7-yanvaridan esa aviakompaniya Termiz, Qarshi, shuningdek, Samarqand-Urganch-Samarqand yoʻnalishida qatnovlarni amalga oshirdi.

“Humo Air” bilan endi odamlar Fargʻona va Buxoroga uchadi.

Maʼlumot oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, loukoster deganda kam budjetli aviakompaniya tushuniladi. U kompaniya faoliyati bilan bogʻliq barcha omillarni optimallashtirish orqali chiptalarni arzon narxlarda sota olish imkoniyatiga ega boʻlgan aviatashuvchidir.