Yangiliklar

Prezident Mudofaa sanoati agentligining Toshkent viloyatida joylashgan ishlab chiqarish klasteriga tashrif buyurdi

Prezident Mudofaa sanoati agentligining Toshkent viloyatida joylashgan ishlab chiqarish klasteriga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 11-yanvar kuni Mudofaa sanoati agentligining Toshkent viloyatida joylashgan ishlab chiqarish klasteriga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Prezidentga Mudofaa sanoati agentligining ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar va kelgusi rejalar to‘g‘risida batafsil axborot berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq qisqa muddatda Mudofaa vazirligining bir nechta texnik bo‘linmalari negizida keng ko‘lamli qurilish ishlari bajarildi, mavjud obyektlar mukammal ta’mirlandi va rekonstruksiya qilindi. Klaster hududiga Mudofaa vazirligining texnikani ta’mirlash zavodi va Markaziy avtomobil texnikasini saqlash bazasi ko‘chirildi.

Yangi klaster hududida joylashgan korxonalar o‘zaro integratsiya qilinib, ularning yagona ta’mirlash sexlari tashkil qilindi. Mazkur korxonalarda qurol-yarog‘ va harbiy texnika, radiolokatsiya qurilmalari, optik va elektron-optik asboblar, o‘qotar va artilleriya qurollari modernizatsiya qilinmoqda hamda metallarga yuqori aniqlikda ishlov berilmoqda.

Davlat rahbari ushbu quvvatlar faoliyati bilan tanishib, sohaga ilg‘or texnologiyalarni keng jalb qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish zarurligini qayd etdi, korxonalar faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Sanoat tarmoqlariga, shu jumladan mudofaa sanoatiga “yashil” texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarga muvofiq hamda elektr energiyasini iqtisod qilish maqsadida klaster hududida quyosh panellari o‘rnatilgan. Bu ishlab chiqarish jarayonlarining elektrga bo‘lgan ehtiyojining katta qismini muqobil manbalar hisobidan ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, davlat rahbariga Mudofaa sanoati agentligining yangi klasteridagi ishlab chiqarish quvvatlari tomonidan ta’mirlangan va modernizatsiya qilingan harbiy texnika va qurol-yarog‘ namunalari namoyish etildi.

Mudofaa sanoati mahsulotlarining taqdimoti chog‘ida davlat rahbariga “Kelajak askari” majmuasi tarkibiga kiruvchi maxsus aslaha va anjomlar to‘plami amalda namoyish etildi. Ushbu to‘plam mamlakatimiz mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, uning xususiyatlari jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilari tomonidan tayyorlangan muqobillaridan qolishmaydi.

Tashrif chog‘ida Oliy Bosh Qo‘mondon yangi turdagi harbiy mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha korxona faoliyatiga start berdi. Mahsulotlarning yuqori sifatini ta’minlash, muhandis va mutaxassislar malakasini oshirish zarurligini ta’kidladi.

Yakunda Prezident mutasaddilarga mudofaa sanoati korxonalarining ishlab chiqarish imkoniyatlarini yanada kengaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.