Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metrosining Abdulla Qodiriy va Minor bekatlari oraligʻida metro poyezdlari toʻxtab qolgani haqida xabar va video tarqaldi. Holat yuzasidan “Toshkent metropoliteni” matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, 11-yanvar soat 14:55 lar atrofida “Minor” bekatidan harakatlanishi lozim boʻlgan harakat tarkibining vagonlariga yoʻlovchilarning kirish va chiqish vaqtlari meyoridan ortib (1 daqiqa) ketgan. Bu esa, ushbu harakat tarkibining bekatdan belgilangan vaqtdan kechroq harakatlanishiga sabab boʻlgan.
Oqibatda, ortdan kelayotgan 69-sonli harakat tarkibi belgilangan yoʻriqnomaga asosan “Minor” bekatining kirish svetoforining taqiqilovsʼhi signalida 2 daqiqa vaqt davomida toʻxtab turgan.
Oldindagi harakat tarkibi bekatni tark etganidan soʻng, svetaforning ruxsat beruvchi koʻrsatkichi yongan va 69-sonli harakat tarkibi harakatni davom ettirgan.
“Shu oʻrinda yoʻlovchilardan metro xizmatidan foydalanishda tartib-qoidalarga rioya etishlarini va bu orqali yoʻlovchilarga madaniyatli xizmat koʻrsatilishida yaqindan yordam berishlarini yana bir bor eslatib oʻtamiz”, — deyiladi xabarda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!