Yangiliklar

“Hello Tashkent, salam Tashkent” kanali adminlariga sud hukmi oʻqildi

“Hello Tashkent, salam Tashkent” kanali adminlariga sud hukmi oʻqildi

Avvalroq, IIV Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi tomonidan Telegramʼda “Hello Tashkent, salam Tashkent” nomli kanal hamda guruhlarni tashkil etib, ularga fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi videotasvirlarni joylashtirib kelgan shaxslar qoʻlga olingan edi.

Oliy sud matbuot xizmati ularga chiqarilgan sud hukmini eʼlon qildi. Unga koʻra, jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudida Jinoyat kodeksining 130-moddasi (pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) 2-qismi “b” bandi, 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, ”g” bandlari, 140-moddasi (haqorat qilish) 2-qismi, 141-3-moddasi (shaxsning shaʼnini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi maʼlumotlarni oshkor qilish) 2-qismi “b”, “v” bandlari va 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “a”, “v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan guruh aʼzolariga oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudining sudyasi J. Saidov raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora koʻrilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida koʻrib chiqildi.

Eʼlon qilingan sud hukmiga muvofiq guruh aʼzolariga 3 yildan 7 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jinoyat vositasi deb topilgan “Telegram” messenjeridagi tegishli kanallar va akkauntlar Raqamli texnologiyalar vazirligi orqali bloklanishi belgilandi.

Jabrlanuvchilarga jinoyat doirasida yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlarni undirish masalasida fuqarolik ishlarini yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqlari borligi tushuntirildi.

Birinchi instansiya sudining hukmidan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.