Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Sirdaryo viloyatida joylashgan avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchasida oʻtkazilgan nazorat tadbiri davomida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Boyovut tumanida joylashgan “B.” MCHJga qarashli AGTKSHga tortilgan gaz quvuri koʻzdan kechirilganida, gaz hisoblagichdan oldin yer ostidan shoxobcha hududiga gaz quvuri olib kirilib, rezina shlang orqali tabiiy gazni sotishga yoʻnaltirilgan holda undan noqonuniy foydalanib kelinayotganligi aniqlandi.
Buning natijasida, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori jami 62 mlrd 488 mln soʻmni tashkil etgan.
Qoidabuzar isteʼmolchiga nisbatan belgilangan tartibda choralar koʻrish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!