Bolalar ombudsmani kotibiyatiga fuqaro L.Z. dan Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi S.N. (ayol) kichik yoshdagi farzandini 2 yildan beri kaltaklab, qiynab kelayotganligi bayon etilgan murojaat va bu holatga oid video materiallar kelib tushdi. Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur holat yuzasidan Shofirkon tumani ichki ishlar organlari olib borgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, S.N. oʻz farzandi 2018-yilda tugʻilgan S.F. ni beshikka bogʻlagan holatda tayoq va boshqa jismlar bilan muttasil ravishda uzoq vaqt davomida (2022-yilning mart oylaridan 2023-yil noyabr oyigacha) kaltaklab, qiynab kelgan.
Mazkur holat yuzasidan S.N. ga nisbatan JKning 110-moddasi 2-qismi, “a,v” bandlari (voyaga yetmagan, ojiz ahvoldaligi ayon boʻlgan shaxsni qiynash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda Shofirkon tumani IIB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur holat boʻyicha bolaning manfaatlari ishonchli taʼminlanishi yuzasidan Bolalar ombudsmani oʻz kuzatuvini davom ettiradi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!