Yangiliklar

AOKA jurnalistik tekshiruv olib borayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlangan jurnalist holati yuzasidan Bosh prokuraturasiga soʻrov xati yubordi

AOKA jurnalistik tekshiruv olib borayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlangan jurnalist holati yuzasidan Bosh prokuraturasiga soʻrov xati yubordi
Ilyustrativ foto

Nuz.uz sayti oʻz sahifasida muxbir xodimi Mixail Dovlatov jurnalistik tekshiruv olib borayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlanib, javobgarlikka tortilganligi yuzasidan xabar berdi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mamlakat qonunchiligida jurnalistlar huquqlari, axborot olish erkinligiga oid masalalar qator normalar bilan mustahkamlab qoʻyilganini eslatmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 81- va 82 moddalarida davlat OAV faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlashi, shuningdek, senzuraga yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy belgilangan. Shuningdek, “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi hamda “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Qonunlarida ham jurnalistning daxlsizligi, uning axborot toʻplash va tekshiruv oʻtkazish huquqlari va kafolatlari, jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik batafsil tavsiflangan.

Maʼlum qilinishicha, AOKA mazkur holatga huquqiy baho berish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlardan munosabat bildirishlari, shuningdek, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi maqsadida aniq oʻrganish hamda tegishli xulosa va choralar koʻrilishi boʻyicha Bosh prokuraturaga soʻrov xati yubordi.

“Taʼkidlash joizki, OAV vakillarining kasbiy faoliyati davomida tazyiq koʻrsatish, toʻsqinlik qilish kabi holatlar soʻz va matbuot erkinligini taʼminlash borasidagi davlat siyosatiga zid boʻlib, Agentlik, oʻz navbatida, barcha darajadagi davlat idoralari xodimlarini axborot qonunchiligi hamda jurnalistlar vakolatlariga hurmat bilan munosabatda boʻlishga chaqiradi”, — deyiladi xabarda.