Yangiliklar

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tezkor-qidiruv, taftish va oʻzi tergov qiladigan idoraga aylanadi

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tezkor-qidiruv, taftish va oʻzi tergov qiladigan idoraga aylanadi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident huzurida boʻlib oʻtayotgan yigʻilishda hozirda yashirin iqtisodiyot va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan 14 ta organ tarqoq holda shugʻullanayotgani taʼkidlandi. Ularning faoliyatini muvofiqlashtiradigan yaxlit ish tizimi yoʻq. Shuning uchun yashirin iqtisodiyot bilan kurashish yangi pogʻonaga olib chiqiladi.

Shu maqsadda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyati kuchaytiriladi. Shu paytgacha Departamentning tergov yuritish vakolati boʻlmagani va qonunlarda juda koʻp huquqiy kolliziyalar mavjudligi sababli samarali ishlay olmadi.

Misol uchun, hozirgi kunda “obnal firma”ga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatish olti oygacha vaqt oladi. Bu davrda qoʻshtirnoq ichidagi uddaburonlar barcha noqonuniy ishlarini yakunlashga ulguradi. Shularni hisobga olib, Departament chuqur tahlil, tezkor-qidiruv, taftish va oʻzi tergov qiladigan idoraga aylanadi. Uning rahbari bir vaqtning oʻzida Bosh prokuror oʻrinbosari boʻladi.

Departamentga eng zamonaviy axborot tizimlari, maxsus vositalar olib beriladi, iqtisodiy sohalar va chet tillarini mukammal biladigan, fidoyi va vatanparvar mutaxassislar tanlab olinadi. Departament huzurida Ilmiy-tahliliy va oʻquv markazi ochiladi. Markaz yashirin iqtisodiyotga sabab boʻlayotgan omillarni aniqlab, ilgʻor xorijiy tajriba asosida takliflar ishlab chiqadi, tizim xodimlarini iqtisodiy jinoyatlarni aniqlash, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish boʻyicha oʻqitadi.

Shu bilan birga, Bosh prokuraturada ham yashirin iqtisodiyot boʻyicha alohida boshqarma va uning hududiy boʻlimlari tashkil qilinadi. Departament 5 ta muhim yoʻnalish: qurilish, farmatsevtika, alkogol va tamaki, noqonuniy import, naqdlashtirish va kapitalni noqonuniy chetga olib chiqish borasida keskin oʻzgarish qilish shartligi koʻrsatib oʻtildi.

“Toʻgʻri ishlayotgan, tushumlarini toʻliq koʻrsatib, soliqlarini oʻz vaqtida toʻlayotgan tadbirkorlar bir narsadan hotirjam boʻlsin. Bunday tadbirkorlarni biz har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni davom ettiramiz”, — dedi Prezident yigʻilishda.

Davlat rahbarining topshirigʻiga koʻra tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingi ishlab chiqildi. Endi ular faoliyatiga soliqchilar baho bermaydi, ragʻbatlantirish choralari ham reyting asosida belgilanadi hamda bu tadbirkorlar kutayotgan adolatli yechim boʻladi.

Reytingi yuqori tadbirkorlar uchun:

  • barcha soliq tekshiruvlari bekor boʻladi;
  • qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi bir kunda tekshiruvlarsiz qaytarib beriladi (hozir 7 kundan 30 kungacha);
  • boshqa soliq turlari boʻyicha ortiqcha toʻlov summasi uch kunda qaytarib beriladi (hozir 15 ish kunida);
  • tovarlarni import qilishda va sotishda qoʻshilgan qiymat soligʻini bojxona va soliq organlarida oʻzaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi;
  • tumanlarda auksionda olingan davlat aktivlari va yer uchastkalari qiymatini boʻlib toʻlash muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytiriladi.

Har bir tadbirkor real vaqt rejimida oʻz oʻrni va bahosini bilib boradi. Savdo-sanoat palatasiga oʻz saytida reyting natijalarini onlayn eʼlon qilib, tadbirkorlar soʻrovlariga tezkor javob berib borish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.