Yangiliklar

Iqtisodiy kompleks rahbarlariga oylik, choraklik va yillik KPI joriy etiladi

Iqtisodiy kompleks rahbarlariga oylik, choraklik va yillik KPI joriy etiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida joriy yilda iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha hukumat oldidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Yigʻilish avvalida iqtisodiy kompleks mavzusi birinchisi ekani, kelgusida barcha soha va tarmoqlar faoliyati tanqidiy koʻrib chiqilishi taʼkidlandi.

Oʻtgan yili iqtisodiy oʻsish 6 foizni tashkil qilgani, bu yil ham bu borada katta rejalar olingani qayd etildi. Ularni amalga oshirish uchun iqtisodiy kompleks juda qattiq ishlashi kerakligi koʻrsatib oʻtildi. Iqtisodiy kompleksda jami 40 nafar rahbar oʻrinbosarlari bor. Lekin, hozir iqtisodiyotga masʼullarda zamonga munosib fikrlash, qaror qabul qilishda tezkorlik yetishmayapti. Ayrim rahbar oʻrinbosarlari oʻziga masʼuliyat olmasdan, mudrab oʻtirgani tanqid qilindi.

Davlat rahbari tizimni qayta koʻrib chiqib, iqtisodiy kompleksdagi oʻrinbosarlar sonini 15 foizga qisqartirish boʻyicha taklif kiritishga topshiriq berdi. Bunda har bir tumanda, viloyatdagi iqtisodiy kompleksning rahbar va oʻrinbosarlari hamda 11 ta vazir va idora rahbari, oʻrinbosarlariga masʼuliyati va javobgarligi aniq belgilab beriladi. Soʻrov ham shunga yarasha qattiq boʻladi.

Iqtisodiy kompleks rahbarlariga oylik, choraklik va yillik samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) joriy etiladi. Ish haqi ham ularning ijrosiga bogʻlanadi. Ushbu rahbarlar bir hafta muddatda xalqqa murojaat qilib, rejalarini oddiy tilda tushuntiradi hamda oʻziga katta masʼuliyat va javobgarlik oladi.

Endi vazir oʻrinbosarlarini 70 foiz ishi tumanda boʻlib, ular vazirlik uchun belgilangan KPI ijrosini joyida tashkil qiladi. Belgilangan rejalarga erishish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatiladi: vazirlik va idora rahbarlarining hisoboti har haftada Hukumat rayosatida, har chorakda esa Oliy Majlisda koʻrib chiqiladi.