Yangiliklar

Soliq qoʻmitasi qoshida Soliq qarzini undirish inspeksiyasi tashkil etiladi

Soliq qoʻmitasi qoshida Soliq qarzini undirish inspeksiyasi tashkil etiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Yigʻilishda moliyaviy intizomni kuchaytirib, 2024-yilda byudjet defitsitini 4 foizdan oshirmaslik zarurligi taʼkidlandi. Oʻtgan yili koʻplab davlat korxonalari dividend va soliq toʻlovlari boʻyicha byudjetga 8 trillion soʻm tushumni taʼminlay olmagani koʻrsatib oʻtildi.

Hududlar rahbarlari ajratilgan byudjet ssudalari qaytarilmayotgani holatlari boʻyicha qatʼiy choralar koʻrilishi haqida ogohlantirildi. Sirdaryo va Jizzaxda soliq tushumlari 20 foiz oʻsgan boʻlsa, Xorazm, Buxoro va Qashqadaryoda bu koʻrsatkich 7 foizga ham yetmagani tanqid qilindi.

Masalan, yuridik shaxs maqomidagi 18 mingta ovqatlanish korxonasidan atigi 2 ming 300 tasi QQS toʻlovchi hisoblanadi. Sababi, ular tovar aylanmasini 1 milliard soʻmdan oshirmaslik uchun bitta oshxonaga 3-4 tadan firma ochib qoʻygan. Bunday holatlar boʻyicha mahalladagi soliqchi, tuman soliq boshliqlari va oʻrinbosarlarining ishi sustligi koʻrsatib oʻtildi.

Umuman, soliq tizimi va soliqchilar faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish vaqti kelgani taʼkidlandi. Jumladan, 40 mingta byudjet tashkiloti bilan ishlash vazifasi tumandan Soliq qoʻmitasida yangi tashkil qilinadigan Byudjet tashkilotlari inspeksiyasiga oʻtkaziladi. Ushbu Inspeksiya toʻliq raqamlashgan boʻladi va Gʻaznachilik elektron tizimiga integratsiya qilinadi.

Shu kabi soliq qarzdorligi bilan ishlash boʻyicha ham qoʻmita qoshida Soliq qarzini undirish inspeksiyasi tashkil etiladi. Unga Majburiy ijro byurosida mavjud vakolatlar beriladi. Buning hisobiga, tumanlardagi qoʻshimcha 200 nafar soliqchini “mahallabay” ishlash tizimiga oʻtkazish imkoni boʻladi.

Respublika soliq tushumining 50 foizini beradigan 80 ta eng yirik korxona va 35 ta tijorat banki bilan ishlaydigan alohida tizim boʻladi. Buning uchun Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha inspeksiya tarkibida yangi tuzilma tashkil qilinib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan bevosita ishlaydi.

Prezident bojxonada ham bor imkoniyatlar toʻliq ishga solinmayotganini qayd etdi. Masalan, oʻtgan yili import boʻlgan 20 milliard dollarlik tovarlarga salkam 60 trillion soʻmlik imtiyoz qoʻllangan. Lekin ushbu imtiyozlarning qanchasi maqsadli va samarali qoʻllangani boʻyicha bojxonada tahlil yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi.

Oʻtgan yili qoʻllangan imtiyozning bor-yoʻgʻi 3,2 trillion soʻmi oʻrganilganda, ularning 420 milliard soʻmi yoki 13 foizi maqsadsiz qoʻllangan boʻlib chiqdi. Shu bois, Bojxona qoʻmitasiga imtiyoz bilan kirgan tovarlarni korxonabay oʻrganib chiqish topshirildi. Umuman, bu yil qoʻshimcha manbalar hisobidan Soliq qoʻmitasi 40 trillion soʻm, Bojxona qoʻmitasi esa kamida 15 trillion soʻm tushumni taʼminlashi muhimligi taʼkidlandi.