Yangiliklar

Yalpi ichki mahsulotning kamida 6 foiz oʻsishini taʼminlash iqtisodiy kompleks rahbariyatining asosiy vazifasi etib belgilandi

Yalpi ichki mahsulotning kamida 6 foiz oʻsishini taʼminlash iqtisodiy kompleks rahbariyatining asosiy vazifasi etib belgilandi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident 2024-yilda iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha turgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Joriy yilda yalpi ichki mahsulotni kamida 6 foizga koʻpaytirib, 100 milliard dollarga yetkazish reja qilingan. Lekin, oʻtgan yili sanoat 6 foiz oʻsgani bilan, ishlab chiqarishda qoʻshilgan qiymat 40 foizdan oshmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

“Bu raqamlar bizni qoniqtirmaydi. Bular asosan importga qaramlik va energiya isteʼmoli yuqoriligi hamda ortiqcha xarajatlar koʻpligi sababli boʻlmoqda”, — dedi davlat rahbari.

Yirik sanoat tarmoqlariga soliq yuki kamaytirilgan boʻlsa-da, koʻp tarmoqlar davlatga tushumni taʼminlash oʻrniga xarajatini oshirayotgani qayd etildi. Jumladan, 10 ta yirik korxonada xarajatlar daromaddan tezroq oʻsgani kuzatilgan.

Bu yil iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili boʻladi. Bundan buyon, sanoatda qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari birinchi galda yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan va bozori bor mahsulotlar uchun beriladi.

Masʼullarga 2024-yilda qoʻshilgan qiymatni 45 foizdan oshirish, tannarxni 15 foizga kamaytirish, umuman, sanoatda 7 foiz oʻsishni taʼminlash boʻyicha korxonabay chora-tadbir tasdiqlab, amalga oshirish topshirildi. Shuningdek, yirik tarmoqlarda tannarxni 20 trillion soʻmga, debitor qarzdorlikni 8 trillion soʻmga kamaytirish zarur.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Strategik islohotlar agentligiga har oyda kamida 2 tadan tarmoqni tahlil qilib, qanday qilib tannarxni kamaytirish, qoʻshilgan qiymat va mehnat unumdorligini oshirish hamda yangi imkoniyatlarni ishga solish mumkinligini koʻrsatib berish vazifasi qoʻyildi.

Umuman, joriy yilda iqtisodiyotda samaradorlikni oshirish hisobiga yalpi ichki mahsulotning kamida 6 foiz oʻsishini taʼminlash iqtisodiy kompleks rahbariyatining asosiy vazifasi etib belgilandi.