Davlat rahbari raisligida boʻlib oʻtayotgan yigʻilishda xususiylashtirish boʻyicha ishlar holati tahlil qilindi. Masalan, “Donmahsulot” tarkibidagi savdoga chiqarilgan 43 ta korxonadan bor-yoʻgʻi 10 tasi sotilgan. Ayrimlari 2-3 yildan beri sotilmasdan turibdi. Bunga sabab xususiy sektorga bermaslik uchun narxi sunʼiy oshirib yuborilgan.
Mutasaddilarga sotilmasdan turgan 33 ta don korxonasi narxini bozor qiymatiga keltirib, joriy yilda sotilishini taʼminlash vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, xususiylashtirish dasturiga kiritilgan 484 ta davlat aktivlari savdoga chiqarilmayotgani tanqid qilindi. Vaholanki, bularning hisobidan yana 200 milliard soʻm tushum qilsa boʻlardi.
Vazirlar Mahkamasiga qoloqliklarni bartaraf etib, 2024-yilda 20 trillion soʻm tushum taʼminlaydigan yangi xususiylashtirish dasturini kiritish topshirildi.
Byudjet tushumi uchun eng katta zaxira – yerlarni tadbirkorlarga auksion orqali sotish. Oʻtgan yili bundan 1 trillion soʻm tushum boʻldi, 12 mingta yangi loyihalar qoʻshildi. Lekin joylardagi sustkashlik bois, oʻtgan yili 3 trillion soʻm qoʻshimcha tushum boy berildi.
Bosh vazirga yil davomida auksionga umuman yer chiqarmagan Baliqchi, Jalalquduq, Bektemir, Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlari hokimlarining lavozimiga loyiqligini hal qilish topshirildi. Davaktiv agentligi yerlarni auksionda sotish boʻyicha 4 trillion soʻmlik rejani tumanbay ishlab chiqishi va ijrosini taʼminlashi belgilandi.
Tumanning master rejasi boʻlsa, bu juda katta mablagʻ, tadbirkorlar va bandlik uchun manba boʻladi. Lekin hozirgacha bor-yoʻgʻi 17 ta kichik aholi punktining master rejasi tayyorlandi. Iqtisodiy kompleks rahbariyatiga yil yakuniga qadar 70 ta, kelasi yili barcha tumanlarning master rejalarini ishlab chiqishga topshiriq berildi.
“Bugungi kundagi eng dolzarb masala, bu – yashirin iqtisodiyot”, — dedi prezident.
Tahlillar xizmatlar, qurilish, sanoat sohalarida oʻnlab trillion soʻmlik mahsulot “soya”da qolayotganini koʻrsatmoqda. Bu orqali yalpi ichki mahsulotga 135 trillion soʻm, byudjetga 30 trillion soʻm tushum yoʻqotilmoqda. Masalan, qurilish korxonalarining 41 foizi hisobotida faqat 1 nafar ishchisini koʻrsatgan. Vaholanki, bu korxonalar oʻtgan yilni oʻzida 4 trillion soʻmlik qurilish ishlarini bajargan.Yoki kamida 25 gektardan yeri bor 5 mingta meva-sabzavotchilik fermer xoʻjaligida 1 tadan rasmiy ishchi roʻyxatdan oʻtgan.
“Bir narsani aniq tushunish zarur. Yashirin iqtisodiyot, avvalambor, toʻgʻri ishlayotgan tadbirkorlar faoliyatiga katta toʻsiq boʻlayapti. Bugungi kunda intizomli tadbirkorlar “qani adolatli raqobat” degan haqli eʼtirozlarini koʻp-koʻp aytayapti”, — dedi davlat rahbari.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!