Yangiliklar

Mehmonxona va savdo majmualari, basseyn va akvaparklar uchun asbob-uskuna va jihozlar 2 yilga bojxona bojlari toʻlashdan ozod etiladi

Mehmonxona va savdo majmualari, basseyn va akvaparklar uchun asbob-uskuna va jihozlar 2 yilga bojxona bojlari toʻlashdan ozod etiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy turistlar oqimini oshirish hamda ichki turizmni faollashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda tarixiy, madaniy va xushmanzara goʻshalar koʻp. Ularda sharoit yaratilsa, sayyohlarni yanada koʻproq va yil davomida jalb qilish mumkin. Shu maqsadda, Prezident topshirigʻiga asosan, turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Unga koʻra, sayyohlik salohiyati yuqori boʻlgan 12 ta tuman va shaharda turizm markazlari tashkil etish koʻzda tutilmoqda. Bunday markazlarda tunu kun ishlaydigan restoran, kafe, sogʻlomlashtirish va basseyn xizmatlari boʻladi.

“Zomin”, “Chimyon” va “Amirsoy” kabi kurort zonalari hamda koʻngilochar majmualarda xalqaro brendlar, milliy ipak matolari, suvenir, zargarlik mahsulotlari va oltin quymalar doʻkonlari tashkil etiladi. Buning uchun 2027-yil 1-yanvargacha turizm markazlaridagi tadbirkorlarning yer va mol-mulk soligʻini belgilangan miqdordan 90 foizga kamaytirish, 2026-yil 1-martgacha zargarlik va oltin mahsulotlari uchun kerak boʻladigan asbob-uskunalar va texnologiyalarni bojxona bojidan ozod qilish taklif etilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, joriy yildan boshlab, “Oʻzbekistonda yana bir kun sayohat” dasturi amalga oshiriladi. Unga koʻra, viloyatlararo turizm obyektlarini oʻzaro bogʻlovchi “respublika turizm halqalari” hamda tuman va shaharlar oʻrtasida “hududiy turizm halqalari” tashkil etiladi. Turizm qoʻmitasi tomonidan Turistik yoʻnalishlarning yagona reyestri yuritiladi.

“Toʻrt faslning har birida sayohat” dasturi amalga oshiriladi. Masalan, bahor va kuz fasllarida ekologik, ekstremal, tibbiy va sogʻlomlashtirish, yozda suv havzalari va oromgohlar, qishda ekstremal turizm va togʻ-changʻi zonalarining imkoniyatlari targʻib qilinadi. Mazkur turizm mavsumlarining ochilishi uchun festivallar tashkil etiladi.

Har ikki yilda may oyida mukofot jamgʻarmasi 2 million dollar boʻlgan Xalqaro “Oʻzbekiston ipak matolari” moda haftaligi oʻtkaziladi.

Mamlakatning turizm salohiyatini chet ellarda targʻib qilish uchun Turizm qoʻmitasining “turizm vakillari” instituti joriy etiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlash, tibbiyot turizmini rivojlantirish, turizm taʼlimiga xalqaro tajribani joriy qilish choralari koʻriladi.

Hududlarda kemping, oʻtov, ekouy va xostellar, mehmonxonalarda basseyn qurish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Sohadagi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida mehmonxona va savdo majmualari, basseyn va akvaparklar uchun asbob-uskuna va jihozlar 2 yilga bojxona bojlari toʻlashdan ozod etiladi.

Davlat rahbari bu takliflarni maʼqullab, ekoturizmni yanada keng rivojlantirish, nogironligi boʻlgan shaxslar sayohati uchun ham zarur sharoitlarni yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.