Yangiliklar

Poytaxt hokimligi shahardagi ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqmoqda

Poytaxt hokimligi shahardagi ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqmoqda

Toshkent shahar hokimligi tomonidan poytaxtdagi vaziyatni yaxshilash maqsadida kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.

Bunda eng avvalo ekologik barqarorlikni taʼminlash, havoga chiqayotgan maishiy chiqindilarni kamaytirish, jamoat transporti tizimini ham sifat, ham son jihatdan yaxshilash, yoʻllarda ustuvorlikni mashinalarga emas, eng avvalo piyodalarga, undan soʻng jamoat transportiga berishga qaratilgan infratuzilmani yaratish va shu kabi bir qator oʻzgarishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Ekologik holatni yaxshilash va aholi salomatligini asrab-avaylash maqsadida ayrim keskin qarorlarni qabul qilish talab etiladi. Shu sababli mazkur qarorlar kelgusida salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmasligi uchun ilmiy tadqiqotlar hamda tahlillarga asoslangan boʻlishi zarur.

Ayni kunlarda shahar hokimligi huzurida har bir yoʻnalish boʻyicha, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, ishchi guruhlar faoliyat olib bormoqda. Har bir ishchi guruhning tahliliy xulosalari asosida poytaxt miqyosida qilinadigan amaliy choralar haqida taqdimot tayyorlanmoqda.

Tez orada ushbu taqdimot keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etiladi.

“Biz yana bir bor poytaxtni yaxshilash masalasiga befarq boʻlmagan faol va fidoyi yurtdoshlarimizga minnatdorlik bildiramiz. Sizning har bir fikringiz biz uchun muhim va birgalikda biz har qanday murakkab masalaning yechimini topamiz”, — deya qoʻshimcha qilinadi xabarda.